Vatikan — Rim-katolik cherkovining markazi va Papa qarorgohi bo‘lib, u Rim shahrining markazida joylashgan, maydoni 0,44 km2 bo‘lgan dunyodagi eng kichik mustaqil teokratik shahar-davlatdir. Asosiy diqqatga sazovor joylari – Avliyo Pyotr bazilikasi, Sikstin kapellasi va Vatikan muzeylari. Ammo u aynan nega poytaxt Rimda joylashgan? Ko‘pchilik Vatikan va uning ramziy maskanlarini, avvalo, Muqaddas Pyotr bazilikasini yaxshi biladi. Biroq Rim-katolik cherkovining yuragi va Papa qarorgohi nega aynan Rimda joylashganini hamma ham bilavermaydi. Vatikan shahri (rasmiy nomi — Vatikan shahar-davlati) aholi soni hamda hududining kichikligi jihatidan dunyodagi eng kichik mustaqil davlat hisoblanadi. U rasman 1929-yil 7-iyunda tashkil etilgan. Bunga o‘sha yilning 11-fevralida Benito Mussolini va davlat kotibi kardinal Pietro Gasparri o‘rtasida imzolangan Lateran bitimlari asos bo‘lgan. Aynan shu Lateran bitimlari orqali, xususan Lateran shartnomasiga ko‘ra, Italiya Papaga Rim shahrining Leon devorlari bilan o‘ralgan qismi hamda Muqaddas Pyotr maydonini o‘z ichiga olgan hudud ustidan to‘liq suverenitet va mustaqillikni tan oldi. Hudud nihoyatda kichik bo‘lishiga qaramay, u xalqaro miqyosda mustaqil davlat sifatida e’tirof etilgan. Shu sababli Muqaddas Taxt hozirgacha boshqa siyosiy hokimiyatlardan mustaqil bo‘lib qolmoqda.
Endi Muqaddas Taxt joylashgan hudud haqida tasavvurga ega bo‘lganimizdan so‘ng, yana bir savol tug‘iladi: nega Vatikan aynan Rimda joylashgan?
QADIMGI DAVRDA VATIKAN
![]()
Qadimgi davrlarda Vatikan Rimdagi tepaliklardan birining nomi bo‘lgan. U Tiber daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, Kampo Marsio hududining qarshisida va Yaniculum tepaligining yonida joylashgan edi. O‘sha paytda bu hudud nam, sog‘liq uchun unchalik qulay bo‘lmagan hamda deyarli ekin ekilmaydigan yerlardan iborat edi. Keyinchalik Agrippina Katta bu yerda bog‘lar barpo ettirdi. Imperator Neron esa shu hududda o‘zining kichik shaxsiy sirkini qurdirishga qaror qildi. Aynan shu joyda ilk nasroniy jafokashlari qatl etilgan. Ular orasida Iso Masih o‘z cherkovining rahbarligini topshirgan havoriylardan biri bo‘lgan Simon — ya’ni Muqaddas Pyotr ham bor edi. U ham shu yerda dafn etilgan. Taxminan milodiy 330-yilda imperator Konstantin bu hududni tekislashni buyurdi. Buning maqsadi — Muqaddas Pyotr xotirasiga bag‘ishlangan bazilika qurish edi. Katolik cherkovi an’anasiga ko‘ra, aynan Muqaddas Pyotr birinchi Papa hisoblanadi.
VATIKAN VA MUQADDAS PYOTR QABRI

Ko‘p asrlar davomida Muqaddas Pyotrning qabri bazilika ostida joylashgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas edi. Ikkinchi jahon urushi davrida Papa Piy XII o‘z mablag‘i hisobidan bu yerda arxeologik qazish ishlarini olib borishni buyurdi. Qazishmalar ijobiy natijalar berdi. Oradan bir necha o‘n yil o‘tgach, aynan shu joyda yunon tilida yozilgan “Petros eni” — ya’ni “Pyotr shu yerda” degan yozuv topildi. Bundan tashqari, qirollarga xos dafn marosimini bildiruvchi binafsha rang matoga o‘ralgan bir erkakning suyaklari ham topildi. Shu dalillarga asoslanib, 1968-yil 26-iyunda Papa Pavel VI butun dunyoga Muqaddas Pyotr qoldiqlari topilganini rasman e’lon qildi.
VATIKAN — PAPA QARORGOHI

Vatikan nisbatan yaqindan buyon Papalarning asosiy qarorgohi hisoblanadi. O‘rta asrlarda Papalar asosan Lateran saroyida yashaganlar. Keyingi asrlarda esa ular Rimdagi turli saroylarda, jumladan hozir Italiya Respublikasi Prezidenti qarorgohi hisoblangan Kvirinal saroyida ham istiqomat qilganlar.
Italiya birlashishidan avval o‘tkazilgan so‘nggi konklav aynan 1846-yilda Kvirinalda bo‘lib o‘tgan. Ya’ni bu – muborak Piy IX saylangan konklav edi.
Maqola - talabaning tarjima mahsuli (tahrirlangan), asl matnga o'tish uchun bosing