⬅ Ortga qaytish

Gap bo'laklarining gapdagi tartibi

Rasm

Italyan tili sintaksisi (so‘z tartibi): (IO) VADO va VADO IO / (IO) FACCIO va FACCIO IO

Ushbu maqolada biz italyan tili sintaksisi, xususan, gap o'z tarkibiy qismlarini, ya'ni uni tashkil etadigan so'zlar tartibini o'zgartirishi natijasida hosil bo'ladigan ma'noviy o'zgarishlar haqida so‘z yuritamiz. Italyan tilida so‘z tartibini o‘zgartirish keng tarqalgan sintaktik hodisa bo‘lib, masalan: “(io) vado” yoki “vado io”, “(tu) lo fai” yoki “lo fai tu”, “(lei) guarda” yoki “guarda (lei)” kabi konstruksiyalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bir qarashda bu jumlalar o‘zaro sinonimdek tuyulsa-da, so‘z tartibining o‘zgarishi gapning mazmunini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun so‘zlarni tasodifiy tartibda emas, balki til qonuniyatlarini tushungan holda, aniq maqsad bilan qo‘llash talab etiladi.

Italyan tilida sintaksis va so‘z tartibi

Sintaksis, ilmiy ta'rifiga ko‘ra, gapning tuzilishini hamda uning tarkibiy elementlari, ya'ni so‘zlarning o‘zaro munosabatini o‘rganadi. Darhaqiqat, gap ichidagi so‘z tartibi juda muhim funksiyani bajaradi, chunki u ko‘pincha gap orqali uzatilayotgan axborotning mazmunini modifikatsiya qilishi (o‘zgartirishi) mumkin.

Keling, quyidagi jumlalarni tahlil qilamiz:

“(io) vado” va “vado io”

E'tibor bergan bo‘lsangiz, ular bir-biriga juda o‘xshash va amalda faqatgina so‘z tartibi bilan farqlanadi. Biroq ulardan nutqda sinonimdek bir-birining o‘rnida foydalanmaslik kerak, chunki ularning ma'noviy vazifalari turlichadir.

Erkin so‘z tartibi

“(io) vado” ifodasi italyan tili sintaksisiga xos bo‘lgan belgilanmagan (ordine non marcato), ya'ni neytral so‘z tartibiga – EKT (Ega – Kesim – To'ldiruvchi) qolipiga asoslanadi; garchi bu misolda faqat ega va kesim ishtirok etayotgan bo‘lsa ham.

Natijada, olmosh implitsit (yashirin) holatda bo‘lganda, biz shunchaki kimdir biror harakatni bajarayotgani yoki bajarishini aytayotgan bo‘lamiz. Bunda hech qanday noaniqlik yuzaga kelmaydi, chunki harakat subyekti aniq identifikatsiya qilingan bo‘ladi.

Masalan:

— Dove vai? — Qayerga ketyapsan? 

— Vado in banca. — Bankka ketyapman. 

— Perché vai? — Nima uchun ketyapsan? 

— Niente, vado solo per chiudere un conto. — Hech gap yo‘q, shunchaki hisob raqamini yopish uchun ketyapman.

E'tibor berdingizmi? Bu o‘rinda shaxs olmoshini ochiq ifodalashga ehtiyoj yo‘q edi, chunki subyektning kimligi kontekstdan to‘laqonli ma'lum.

Biroq, qatnashchilar ikki yoki undan ortiq bo‘lsa va ularning har biri alohida harakatni bajarsa, kim qanday vazifani bajarayotganini aniqlashtirish uchun eksplitsit (ochiq) olmoshdan foydalanish zarurati tug‘iladi.

Masalan:

— Io vado in farmacia, tu vai al supermercato. Ok? — Men dorixonaga boraman, sen esa supermarketga. Kelishdikmi?

— Va bene. E Marta cosa fa? — Yaxshi. Marta nima qiladi? 

 Lei non va più alla lezione di danza, quindi viene con me. — U endi raqs darsiga bormaydi, shuning uchun men bilan ketadi.

Yuqoridagi misollarda ko‘rib turganingizdek, 3 xil shaxs ishtirok etmoqda, shuning uchun muayyan harakatlarni kim bajarishi kerakligini aniq ko‘rsatib o‘tish muhim edi.

Mmantiqiy urg‘uli so‘z tartibi

Olmosh fe'ldan keyin keladigan holatlarga, masalan, “vado io” ifodasiga kelsak, bu o‘rinda biz gap bo'laklarning mantiqiy urg'uli so'z tartibi (ordine marcato / inversiya) bilan to‘qnashamiz. Italyan tilida bu usul ikki yoki undan ortiq kishilar orasida faqatgina bitta shaxs (boshqalar emas) ma'lum bir harakatni bajarishini yoki bajarmasligini alohida ta'kidlash (mantiqiy urg‘u berish) uchun ishlatiladi.

Masalan, eshik qo‘ng‘irog‘i chalinganda yoki telefon jiringlaganda, agar uyda bir nechta odam bo‘lsa, kimdir javob berish niyatini bildirish uchun “vado io” (men o‘zim boraman / men o‘zim ochaman) deyishi mumkin. Bu orqali u qolgan barchaga bezovta bo‘lishga hojat yo‘qligini anglatadi.

Yana bir misolni ko‘rib chiqamiz:

— Mi ha appena chiamato Giulia: dice che ha bisogno urgentemente di una mano per sollevare alcuni scatoloni. — Menga hozirgina Juliya qo‘ng‘iroq qildi: ba'zi qutilarni ko‘tarish uchun unga zudlik bilan yordam kerak ekan.

— Di certo non andrò io: Giulia mi sta troppo antipatica! — Men umuman bormasligim aniq: Juliya menga umuman yoqmaydi!

— Vai tu? — Sen borasanmi?

— D’accordo, vado io! — Mayli, (men) o‘zim boraman!

Xulosa qilib aytganda, egani fe'ldan keyingi o‘ringa ko‘chirish — bir nechta odam mavjud bo‘lgan vaziyatda harakatni boshqalar emas, faqat bitta muayyan shaxs bajarishi (yoki bajarmasligi)ni urg‘ulashning sintaktik vositasidir.

Ushbu maqolaning mavzusi, e'tibor berganingizdek, ancha yuqori darajadagi lisoniy xususiyatlarni qamrab oladi. Bunday semantik nyuanslar va nozikliklarni tushunish, italyan tilini mukammal egallagan (kompetensiyaga ega) shaxslarni tilni yuzaki biladiganlardan ajratib turuvchi o‘ta muhim omildir.

⬅ Bosh sahifaga qaytish