⬅ Ortga qaytish

NEGA CHET TILINI O‘RGANISH KERAK

Rasm

Dunyo nihoyatda rang-barang: unda turli xalqlar, turli madaniyatlar va son-sanoqsiz tillar mavjud. Agar inson faqat o‘z ona tiliga tayanib, dunyoning istalgan burchagida bemalol muloqot qila olaman deb o‘ylasa, bu unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki bunday holda odamlar bir-birini tushunmay qoladi, tushunmovchiliklar esa ko‘rinmas devorlar kabi odamlar orasida to‘siqlar paydo qiladi. Aynan chet tillarini o‘rganish esa bu devorlarni buzib, turli qit’alarda yashovchi insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Shu sababli kamida bitta chet tilini bilish bugungi kunda nihoyatda muhim hisoblanadi.

Maktab davrida tillarni o‘rganish ko‘pincha oddiy o‘quv fanidek qabul qilinadi. Ba’zi o‘quvchilar ingliz tilini ham majburiy vazifa sifatida, xuddi bajarilishi kerak bo‘lgan navbatdagi topshiriqdek ko‘rishadi. Biroq vaqt o‘tib, inson ish hayotiga qadam qo‘yganida yoki chet elga safar qilganida chet tilining qanchalik zarurligini chuqurroq anglay boshlaydi. Kitoblardan o‘rganilgan tilni real hayotda qo‘llash zarurati paydo bo‘lganda, til bilishning haqiqiy qiymati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Aslida esa bir yoki bir nechta chet tilini bilish inson hayotiga ko‘plab imkoniyat va afzalliklarni olib kiradi.

ISH TOPISH IMKONIYATLARI KENGAYADI

Bugungi kunda ko‘plab yirik xalqaro kompaniyalar va xorij bilan hamkorlik qiluvchi tashkilotlar xodimlardan chet tilini bilishni talab qiladilar. Ish suhbatlari paytida til bilish darajasi haqida savol berilishi deyarli odatiy holga aylangan. Ba’zan suhbat davomida ish beruvchi ingliz tilida savollar berib, kichik suhbat o‘tkazishi ham mumkin. Bunday vaziyatda boshqa tilda erkin gapira olish inson uchun katta ustunlik hisoblanadi.

Zamonaviy jamiyat doimiy ravishda rivojlanib bormoqda va malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Shuning uchun yoshlar bilim va ko‘nikmalarini kengaytirib, mehnat bozoriga puxta tayyorgarlik bilan kirishlari muhimdir. Chet tilini bilish esa nafaqat yangi ish imkoniyatlarini ochadi, balki insonning kelajakdagi kasbiy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yaxshi til bilimiga ega xodimlar ko‘pincha boshqalarga qaraganda yuqoriroq maosh olishadi.

O‘ZIGA ISHONCH ORTADI, TAFAKKUR RIVOJLANADI

Tasavvur qiling, siz chet elga sayohat qildingiz, ammo u yerda gaplashiladigan tilni bilmaysiz. Yoki o‘z shahringizda yo‘l so‘ragan chet ellikka yordam bera olmaysiz. Bunday vaziyatlarda odam o‘zini biroz noqulay his qilishi tabiiy. Chet tilini bilish esa ana shunday holatlarning oldini olib, insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

Til o‘rganish orqali inson turli mamlakatlardan kelgan sayyohlar bilan bemalol suhbatlasha oladi, filmlar va seriallarni subtitrlarsiz tushunadi, yangi do‘stlar orttiradi. Sayohat paytida esa mahalliy aholi bilan muloqot qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ko‘pincha odamlar sizning tilni yaxshi bilishingizni e’tirof etib, samimiy maqtovlar aytishadi. Bu esa insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, til o‘rganish aql uchun ham foydali mashqdir. Qanday qilib sport tanani chiniqtirsa, chet tilini o‘rganish ham aqlni charxlaydi. Yangi so‘zlarni yodlash, grammatik qoidalarni o‘zlashtirish orqali miya va xotira faol ishlaydi. Natijada insonning fikrlash qobiliyati kuchayadi va o‘qish jarayonida ham yaxshi natijalarga erishiladi.

SAYOHAT HAQIQIY TAASSUROTGA AYLANADI

Dunyo nihoyatda qiziqarli maskan. Unda kashf etiladigan mamlakatlar, o‘rganiladigan urf-odatlar va boy madaniyatlar juda ko‘p. Agar inson til bilmagani sababli orzu qilgan sayohatini amalga oshira olmasa, bu katta yo‘qotish bo‘lar edi. Shuning uchun dunyoni kengroq tanish va cheksiz imkoniyatlardan bahramand bo‘lish uchun chet tilini bilish juda muhim.

Tilni bilgan holda sayohat qilgan inson faqat turistlar uchun mo‘ljallangan joylar bilan cheklanib qolmaydi. U mahalliy aholi bilan suhbatlashib, ularning hayoti, madaniyati va urf-odatlarini yaqindan his qiladi. Shunda sayohat oddiy tashrif emas, balki unutilmas tajribaga aylanadi. Mahalliy insonlarning samimiyligi, ularning maslahatlari va yashirin go‘zal maskanlar haqidagi hikoyalari sayohatni yanada mazmunli va zavqli qiladi.

Maqola - talabaning tarjima mahsuli (tahrirlangan), asl matnga o'tish uchun bosing

⬅ Bosh sahifaga qaytish