«Ditta Artigianale»dan «Nespresso» brendigacha, Kiara Ferrayni bilan hamkorlikda Italiyada qahva an’analari yangilanib bormoqda. Italiyada qahva an’anasi shunchalik kuchliki, uni aynan oʻzlarining mamlakatiga xos deb hisoblashadi. Qahva italyan madaniyatining ajralmas qismidir, ularning kundalik tartibi bir finjon qahva bilan boshlanadi — bu haqiqiy bir marosim boʻlib, tong oʻrtalariga kelib barlarda ijtimoiy uchrashuv va suhbat lahzasiga aylanadi. 2021-yilda YouGov ma’lumotlariga koʻra, italiyaliklarning 68 foizi ta’mi va xushboʻyligi uchun, 58 foizi qisqa tanaffus qilish uchun, har 10 kishidan taxminan 3/5 tasi hushyor turish uchun ichadi va soʻrovda qatnashganlarning 25 foizi qahvani ijtimoiy muloqot vositasi deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ma’lumotlar shuni koʻrsatadiki, Italiyada voyaga yetgan aholining 80 foizi muntazam ravishda qahva ichadi, atigi 5 foizi esa umuman ichmaydi. Italiyada koʻpincha qahvani milliy oʻziga xosligimizning belgisi deb bilishadi. Biroq, qahva va uning an’analari turli madaniyatlarning birlashuvi natijasida kelib chiqqanini unutmaslik kerak.
Yevropada qahvaning kelib chiqishi Italiya bilan bogʻliq, chunki Yevropada qahvaning birinchi marta paydo boʻlishi 1570-yillarga toʻgʻri keladi va bu Venetsiyada joylashgan laguna (dengiz suvidan hosil boʻlgan suv havzasi) bilan bogʻliq. Rivoyatlarga koʻra, qahvani Misrdagi Venetsiya elchisining shifokori Italiyaga qaytayotganda bir necha qop olib kelgan. Dastlab Venetsiyada qahva juda qimmat boʻlganligi sababli asosan zodagonlar orasida mashhur boʻlgan. Shuningdek, unga tibbiyot sohasida foydali ichimlik sifatida qaralgan. Vaqt oʻtishi bilan qahva oddiy xalq orasida ham tez tarqaldi va xuddi Sharqdagidek dastlabki qahva doʻkonlari paydo boʻldi. Eng qadimgi qahvaxonalaridan biri — mashhur «Caffè Florian» — Venetsiyadagi San-Marko maydoniga qaragan arkadalar ostida tashkil etilgan. Tez orada bu maskan boshqa qahvaxonalar bilan raqobatga duch keladi va 1716-yilda qahvaning foydalarini targʻib qiluvchi reklama risolasini nashr qiladi.
Oradan bir necha oʻn yil oʻtib, Venetsiyada 200 dan ortiq qahvaxona faoliyat yurita boshlaydi va qahva Venetsiyadan boshqa italyan shaharlariga ham tez tarqaladi. Vaqt oʻtishi bilan qahvaxonalar madaniy va ijtimoiy markazlarga aylangan. Bu yerda yozuvchilar, faylasuflar va siyosatchilar yigʻilib, bir finjon qahva ustida suhbatlashar, fikr almashar va asarlar yaratishardi.

Florensiyaning «Ditta Artigianale» kabi kichik qahvaxonalardan tortib, «Nespresso» kabi mashhur brendlargacha Italiyada qahva madaniyatining turli shakllarini namoyish qiladi. Soʻnggi 150 yil ichida Italiyada qahva madaniyatida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Bu oʻzgarishlarning eng muhimlaridan biri — espresso mashinasining yaratilishi. XIX asr oxirida Italiyada patentlangan bu mashina qahva tayyorlash jarayonini tubdan oʻzgartirdi. 1884-yilda turinlik tadbirkor Anjelo Moriondo tez tayyorlanadigan qahva mashinasini taqdim etdi. Shu tariqa “espresso” deb atalgan qahva tayyorlash usuli paydo boʻldi. Bugungi kunda Italiya espresso qahvaning ramziy vatani hisoblanadi. Dastlab bu qahva sekin qovurilgan va toʻq rangli aralashmalardan tayyorlangan.
Oʻsha davrda qahva donalari koʻpincha oʻtin bilan ishlaydigan pechlarda qovurilgan. Aralashmalar uchun asosan Gʻarbiy Afrikaning «Robusta» navlari, Sharqiy Afrikaning «Arabika» navlari va Braziliya qahvalari ishlatilgan.
XX asr oʻrtalariga kelib, Italiyadagi qahva kuchli qovurilgan va quyuq rangli ichimlik sifatida shakllandi. Oʻsha davrdagi barlarda odamlar qahvani koʻpincha tik turib ichishardi. Iqtisodiy oʻsish va dunyoning yanada ochiq boʻlishi bilan qahva ishlab chiqaruvchilar yangi yoʻnalishlarni izlashdi. Shu tariqa «Arabika» navi asosidagi yangi aralashmalar paydo boʻldi va vaqt oʻtishi bilan «specialty coffee» deb ataladigan yuqori sifatli qahvalar ommalasha boshladi.
«Specialty» qahvasi yuqori sifatli, kelib chiqishi aniq boʻlgan, maxsus usulda qovurilgan qahva. Bu yoʻnalish yangi va murakkab ta’mlarni kashf etishga qaratilgan boʻlib, an’anaviy espresso madaniyati bilan zamonaviy usulda ishlab chiqarilgan qahva oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi.
Yillar davomida oʻz kolleksiyasini boyitib, yangi qahva madaniyatini olib kirgan yana bir brend bu — «Nespresso». Kompaniya «Ispirazione Italiana» kolleksiyasi orqali italyan qahva an’analariga bagʻishlangan mahsulotlarni taqdim etdi. Italiya qahva tarixi va uni iste’mol qilish an’analaridan ilhomlangan yangi «Milano Intenso» qahvasi buning yaqqol misolidir. U qovurilgan don va kakao iforiga ega kuchli ta’mli qahva boʻlib, mevali murabbo va oʻziga xos ziravorlar notasi bilan uygʻunlashadi. «Milano Intenso» qahvasi va unga bagʻishlangan aksessuarlar kolleksiyasi mashhur tadbirkor Kiara Ferrayni bilan hamkorlikda yaratilgan. Dizayn Milandagi Villa Nekki Kampilio va Palatso Montedoria binolaridan ilhomlangan boʻlib, unda yashil va oltin rang ohanglari qoʻllanilgan.
Maqola - talabaning tarjima mahsuli (tahrirlangan), asl matnga o'tish uchun bosing