Milliy xarakterning o'ziga xos xususiyatlari rituallarni (rasm-rusumlarni) jon-dildan sevadigan italyanlar muqaddas sanab amal qiladigan an'ana va urf-odatlarda ayniqsa yorqin namoyon bo'ladi. Hayotning har bir sohasida ushbu jo'shqin millatgagina xos bo'lgan qandaydir jihatni topish mumkin. Keling, bu odatlarni "italyanlarning yozilmagan qoidalari" deb ataymiz va Italiya an'analari hamda urf-odatlari turistlar ko'z o'ngida qanday ko'rinishiga e'tibor qaratamiz.

Italyanlar va his-tuyg'ular
Zigmund Freyd Italiyada ochidan o'lgan bo'lardi: mahalliy aholining ongi ostini titkilash — qo'shnilar va tavba qabul qiladigan ruhoniylarning ishi. Ularning e'tiboridan biron-bir yashirin fikr chetda qolmaydi, qolaversa, qiziquvchanlik qurbonlarining o'zlari ham o'z sentimenti ("his-tuyg'u")larini ichida saqlashga o'rganmaganlar. Bosiqlik, hislarni yashirish — bu butunlay boshqa xalqlarga xos narsa. Ammo bu yerda shunday zo'r ko'ngilxushlik qilishadiki, bunga faqat havas qilish mumkin. Buning ustiga, xursand bo'lish uchun son-sanoqsiz bayramlarni kutish umuman shart emas; baxt va quvonchni hatto mazali tushlik yoki to'g'ri damlangan qahvadan ham topish mumkin. Odatda dabdabali to'y bilan yakunlanadigan italyancha sevgi ehtiroslari va jo'shqin uchrashuvlar esa alohida e'tiborga loyiq. Aktyorlik mahorati va jamoatchilik e'tiborida bo'lishga muhabbat italyanlarning qonida bor.
Italyanlar va qarindoshlar
Italiya mafiyasi — ochiq aytish kerakki, yomon nom chiqargan hodisa. Lekin u aslida juda hurmatga loyiq tamoyillar: kattalarga hurmat va qondoshlik (qarindoshlik) hissi asosiga quriladi. Bu o'z ajdodlari an'analarini muqaddas tutuvchi italyan xalqini juda yaxshi ta'riflaydi. Masalan, to'yga aylanib ketuvchi uchrashuvlar an'anaviy sovchilik bilan yakunlanadi. Sovchilar qizning qo'lini uning onasidan so'rashadi. Albatta, hozirda bu shunchaki rasmiyatchilik, lekin uni e'tiborsiz qoldirish — odobsizlik sanaladi. To'yga hatto uzoq qarindoshlarni ham taklif qilmaslik — kechirib bo'lmas arazga sabab bo'ladi. Qo'shnilar ham deyarli qarindosh maqomida ko'riladi. Balki ularga nisbatan shunday iliq tuyg'ular yo'qdir, lekin ularning muammolarini o'z muammolaridek qabul qilishadi va qo'shnilar hech qachon yolg'izlanib qolishmaydi. Aytgancha, bu ancha foydali ham: to'yda mehmon qancha ko'p bo'lsa, sovg'alar uchun mo'ljallangan to'y "borsa"si (sumkachasi)da pul ham shuncha ko'p bo'ladi.
Italyanlar va din
Italiyani shunchaki katolik mamlakati deyish — hech narsa demaslik bilan barobar. O'zini hurmat qilgan har bir qishloqning o'z avliyo "patrono"si (homiysi) bor va uning sharafiga bayramona yurishlar o'tkaziladi. Sayohatga otlanayotgan sayyohlar bunday tantanalar sanasi bilan qiziqib ko'rishlari kerak — bu hech narsaga tenglashtirib bo'lmaydigan bepul tomoshadir. Chet elliklar uchun olomonga qo'shilib ketish va o'zining quvonch ulushini olish unchalik qiyin emas. Bundan tashqari, bunday kunlarda shaharchalarda odatda ko'cha musiqa festivallari bo'lib o'tadi. Cherkovlarning ko'pligi, har bir uyda xoch osig'liq turishi — dindor bo'lmagan italyanlar uchun ham oddiy holat. Garchi rasman boshqa davlat (Vatikan)da yashasa ham, papa ("rim papasi") mamlakat poytaxtining qoq markazida joylashgani bejiz emas. Boshqa tomondan, ko'plab chet elliklar italyanlarning ko'chada ruhoniylarni uchratib qolsa, ulardan o'zlarini uzoqroq tutishga harakat qilishlarini sezishadi. Mahalliy aholi buni ruhoniylar — hokimiyat vakillari ekani va undan uzoqroq yurish yaxshiroq ekani bilan tushuntirishadi.

Italyanlar va ish
Italyanlarga ruslarning "Ish o'z yo'liga, tushlik o'z vaqtida" degan maqoli juda mos tushadi. Ular boshqalardan kam mehnat qilishmaydi, aks holda Italiya jahon sanoat yetakchilari qatorida bo'lmas edi, lekin mazali taomlar, bayramlar va ularning eng sevimlisi bo'lgan matrimonio (to'y) har doim birinchi o'rinda turadi. To'y vaqtida har bir kishi o'ziga ajratilgan rolni bajonidil bajaradi: yoshlar ustidan guruch sochadi, ziyofatni boshqaradi, sayrni tashkillashtiradi.
Italyanlar va moda
Italiya moda sanoati ham eng go'zal sposa (kelin), albatta, italyan kelini bo'lishi kerak degan xalq urf-odatlarini qo'llab-quvvatlaydi. U tezroq nikohdan o'tish va marosimni unutish uchun cherkovga jinsi shimda yugurib bormaydi. Garchi hozirda hech kim yorqin yubka va korsetdan iborat milliy libos kiymasa-da, qizlar xizmatiga eng yaxshi italyan fabrikalarining oppoq to'rlari (krujevalari) muntazir. Sposo (kuyov) esa biroz kamtarinroq — to'q rangli tantanavor kostyum kiyadi.
Italyanlar va taomlar
To'y ziyofati — oshpaz o'zining bor mahoratini namoyish etishi uchun ajoyib imkoniyatdir. Hududiy farqlar hamon o'z kuchida, shuning uchun taomlar to'plami hamma joyda har xil bo'ladi. Agar kimdir Italiyada o'z to'yini nishonlashga qaror qilsa, bu yerdagi pazandachilik durdonalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ladi. Tushlik juda salmoqli bo'ladi — hammasi shampan vinosidan boshlanadi va borgan sari ko'payib boradi: gazaklar, birinchi taom (pasta yoki rizotto), ikkinchi taom (go'sht, sabzavotli baliq) va shirinlikka qahva bilan birga tortilishi shart bo'lgan torta nuziale (to'y torti).
Italyanlar va to'ylar

To'y marosimi italyanlarning din va qarindoshlikka bo'lgan munosabatidan kelib chiqadi. Mamlakat shimolidagi shaharlarda yoshlar ko'pincha cherkov nikohidan voz kechib, oddiy fuqarolik ro'yxatidan o'tishni ma'qul ko'rishadi, ba'zan esa hatto munosabatlarni qonuniylashtirmasdan birga yashashadi. Ammo bunday erkinlik hamma joyda ham keng tarqalganicha yo'q. Umuman olganda, bu yerda ham geografik tamoyil ishlaydi: qanchalik janubga borganingiz sari, shunchalik an'anaviylik kuchayadi.
Italiyada to'y o'tkazilayotganda, urf-odatlar yoshlarga o'zini qanday tutish qoidalarini belgilab beradi. Odatda to'ylar yakshanba kunlari bo'lib o'tadi — bu yaxshi alomat hisoblanadi. Cherkov kirish eshigi oldiga mustahkam ittifoq ramzi sifatida lenta bog'lanadi. Cherkovga kirish xuddi biz kinolarda ko'rishga odatlangan manzara kabi o'tadi: kelinni yo'lak bo'ylab otasi yetaklab boradi va kuyovga topshiradi. Yagona qiziqarli farqi — yoshlar baxtli bo'lishi niyati bilan ularning ustidan guruch sochish odatidir. Keyin yoshlar shaharning chiroyli joylari bo'ylab fotosayr qilishadi. To'g'ri, ular davlat arboblarining haykallari oldida emas, balki chiroyli tarixiy binolar yoki tabiat go'zalliklari — dengiz yoki ko'l qirg'oqlarida suratga tushishadi.
Italyanlar — ochiqko'ngil millat. Agar chinakam italyancha to'yga taklifnoma olishning iloji bo'lmasa, sayyohlar baxtli juftlikni nikoh marosimi yoki to'y sayri paytida bildirmasdan suratga olishsa, bunga hech kim e'tiroz bildirmaydi. Mamlakat mehmonlari esa, agar xohishlari bo'lsa, boshqa bayramlarda bemalol ishtirok etishlari mumkin.
