Kolizey — Rimning eng diqqatga sazovor obidasi va dunyodagi eng ko'p ziyorat qilinadigan joylardan biri. Ammo uning ulkan tuzilmasi ortida kam odam biladigan qiziqarli hikoyalar, afsonalar va sirlar yashiringan.
Ushbu maqolada Kolizey haqida 10 ta aqlga sig'mas faktni bilib olasiz — uning qadimiy janglaridan tortib, bugungi kungacha uni o'rab turgan sirlargacha. Ishonchim komilki, buni o'qigach, ushbu ajoyib amfiteatrga bo'lgan qiziqishingiz yanada ortadi!
O'zi Kolizey nima?
Kolizey (lotincha colosscus — ulkan) — qadimda qurilgan eng yirik Rim amfiteatri bo'lib, o'z vaqtida gladiatorlar ishtirokidagi qonli tomoshalarga sahna bo'lgan. Flaviylar sulolasi tomonidan milodiy 72-80-yillarda qurilgan ushbu binoda hatto dengiz janglari (naumachiae) ham o'tkazilgan. Imperator Tit qurdirgan. Keyinchalik Flaviy amfiteatri nomi bilan mashhur boʻlgan.
Kolizey qonga botgan amfiteatr. U yerda qancha odam halok bo'lganining aniq sonini aytish imkonsiz. Biroq, tarixchilarning hisob-kitoblariga ko'ra, o'yinlar davomida yiliga taxminan 8000 kishi o'ldirilgan. Umumiy hisobda 500 mingga yaqin gladiator va bir milliondan ortiq hayvonlar nobud bo'lgan deb taxmin qilinadi.
Nega Kolizey buzilgan holatda? Kolizey asosan uning tuzilishiga jiddiy zarar yetkazgan kuchli zilzilalar tufayli buzilgan. Shuningdek, tarix davomida yuz bergan talon-tarojlar (odamlar tomonidan qurilish materiallari tashib ketilishi) ham uning bugungi holatiga sabab bo'lgan.
Kolizeyni qanday qilib suv bilan to'ldirishgan? Kolizey o'z davrining o'ta zamonaviy gidravlika tizimi orqali suvga to'ldirilgan. Buning uchun shaharning asosiy suv quvurlari, xususan, Klavdiy akvedukining bir qismi bo'lgan Kolle Chelio tarmog'idan foydalanilgan. Neron ham xuddi shu suv tizimidan foydalanib, keyinchalik Kolizey qurilgan joydagi sun'iy ko'lni suv bilan ta'minlagan.
Kelinglar, endi bu ajib memoriy obida haqida hali eshitmagan faktlarni bilib olaylik!
1. Kolizeyning asl nomi "Kolizey" emas

Uning haqiqiy nomi — Flaviy amfiteatri. Rimliklar qurilish paytida uni shunday atashgan. Bu nom uni qurdirgan imperatorlar sulolasi — Flaviylar nomidan olingan. Aynan Vespasian va uning o'g'illari Tit va Domitsian ushbu obidani "Mangu shahar"ga sovg'a qilishgan.
"Kolizey" nomi, ehtimol, amfiteatr yaqinida joylashgan Neronning ulkan haykali (Koloss) nomidan kelib chiqqan. Bu nom o'rta asrlardan boshlab keng tarqaldi, chunki Kolizey asta-sekin yirik tadbirlar o'tkaziladigan teatr sifatidagi vazifasini yo'qotgan edi. Tasavvur qiling, Uyg'onish davridan boshlab "Kolizey" nomi hatto rasmiy hujjatlarda ham qo'llanila boshlagan!
2. Kolizey har doim ham jang maydoni bo'lmagan

Bu yerda faqat qonli janglar o'tkazilmagan! Mashhur gladiatorlar janglaridan tashqari, Kolizeyda teatr tomoshalari, ommaviy qatllar va ekzotik hayvonlar ovi ham namoyish etilgan.
Tomoshalar xuddi teatr o'yinlaridek tashkil qilingan. Domitsian tomonidan arena ostida qurilgan yerosti yo'laklari o'ziga xos "sahna orti" vazifasini bajargan: yuk ko'tarish moslamalari va maxfiy eshiklar tizimi hayvonlar hamda dekoratsiyalarning to'satdan sahnada paydo bo'lishini ta'minlab, tomoshabinlarni hayratda qoldirgan.
Ba'zan arena kema janglarini namoyish qilish uchun suv bilan to'ldirilgan. Bunday tomoshalar grekcha so'zdan olingan bo'lib, naumachiae (dengiz janglari) deb atalgan. Odatda maxsus qazilgan havzalarda o'tkazilgan bu kabi tomoshalarni Kolizey ichida ko'rish rimliklar uchun chinakam hayratlanarli voqea edi. Biroq, yerosti tuzilmalari qurilgandan so'ng, bunday janglarni tashkil etishning imkoni qolmagan.
3. Flaviy amfiteatri 50 000 dan ortiq tomoshabinni sig'dira olgan

Kolizey ommaviy ko'ngilochar tadbirlar uchun mo'ljallangan edi. Imperatorlar uchun bu o'yinlar xalqni xursand qilish bilan birga, ularning qo'llab-quvvatlashiga erishishning muhim vositasi ham bo'lgan. Rim fuqarolari uchun tomoshalar bepul bo'lgani, faqat chet elliklar kirish uchun pul to'lagani aytiladi.
Kolizey kamida 50 000 kishini sig'dira olgani aniq tasdiqlangan! Ammo ko'plab tarixchilar uning sig'imi 75 000 kishigacha bo'lgan deb hisoblashadi. Bundan tashqari, u xuddi zamonaviy stadionlar kabi tashkil etilgandi: kirish va chiqish tizimi shu qadar samarali ediki, butun arenani bir necha daqiqada bo'shatish mumkin bo'lgan. Tomoshabinlar maxsus eshiklar orqali kirib, o'z joylarini oson topishgan. Bu turli ijtimoiy tabaqa vakillarining o'rindiqlarda aralashib ketishining oldini olgan.
4. Yerosti qismida murakkab liftlar va yashirin eshiklar tizimi bo'lgan

Yuqorida aytib o'tilganidek, Kolizeyning yerosti qismi chinakam "sahna orti" bo'lgan. Bu yerda hayvonlar, gladiatorlar va dekoratsiyalarni arenaga to'satdan olib chiqib, tomoshabinlar uchun ajoyib vizual effekt yaratadigan murakkab liftlar va yashirin eshiklar tizimi yashiringan edi. Arqonlar bilan boshqariladigan chig'ir tizimi platformalarni 7 metrdan balandroqqa ko'tarishga imkon bergan va arena ostida ko'plab ishchilar xizmat qilgan.
5. Bir vaqtlar Kolizey marmar va qimmatbaho bezaklar bilan qoplangan

Bugun biz Kolizeyni g'isht, tosh, travertin va tufdan iborat tuzilma sifatida ko'ramiz, lekin dastlab u butunlay boshqacha bo'lgan! Kolizey Flaviylar sulolasining ulug'vorligini namoyish etish uchun qurilgan va Neron davridagi dahshatli yillardan so'ng Rimning faxriga aylanishi kerak edi.
Shuning uchun amfiteatr oppoq marmar bilan qoplanib, haykallar va barelyeflar bilan bezatilgan. Uni ko'rgan har qanday odam hayratdan yoqa ushlagan! Asrlar o'tishi bilan, Kolizey imperiya davridagi ulug'vorligini yo'qotgach, marmar va hatto travertin toshlari Rimdagi boshqa binolarni qurish uchun ko'chirib olingan. Masalan, Uyg'onish davrida Venetsiya saroyi, Barberini saroyi va hatto Avliyo Pyotr bazilikasini qurishda Kolizey materiallaridan foydalanilgan.
6. Flaviy amfiteatri zilzilalar va talon-tarojlardan jabr ko'rgan

Kolizey materiallaridan faqat hukumat tomonidan rasmiy tarzda foydalanilmagan. Asrlar davomida u kuchli zilzilalarni boshdan kechirgan va natijada binoning katta qismlari qulab tushgan.
Zilzilalardan so'ng qulagan toshlarning katta qismi oddiy odamlar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun o'g'irlab ketilgan (chunki shaharda marmar topish oson emas edi!). Kolizey o'ziga xos ochiq koniga aylangan: rimliklar tosh bloklarni bir-biriga ulashda ishlatgan metall qisqichlarni olish uchun hatto ustunlarni ham teshishgan.
7. Mish-mishlarga ko'ra, Kolizeyda arvohlar kezib yuradi

Ko'plab afsonalarga ko'ra, Kolizeyda gladiatorlar va arenada halok bo'lgan minglab insonlarning arvohlari yashaydi. O'rta asrlardan beri bu joyda do'zaxga olib boradigan eshik bor deb hisoblangan va ko'plab majusiylar yashirin marosimlarni o'tkazish uchun bu yerda yig'ilishgan.
Ko'plab ziyoratchilar va qorovullar, ayniqsa tunda, g'alati ovozlar va tushunarsiz sharpalarni ko'rishganini aytishadi. Afsonalarga ko'ra, ayniqsa Messalinaning arvohi bu yerda tez-tez aylanib yuradi! Bu ayol Kaligula tomonidan o'zidan ancha yoshi ulug' amakivachchasi Klavdiyga turmushga chiqishga majbur qilingan yosh matrona edi. Siz-chi, bunga ishonasizmi? Arvohni o'z ko'zingiz bilan ko'rishni xohlaysizmi? Unda sizga kechki yoki tungi sayohatni tanlashni maslahat beraman!
8. O'rta asrlarda Flaviy amfiteatri qal'aga aylantirilgan

Rim imperiyasi qulagandan so'ng, Kolizey o'zining asl vazifasini yo'qotib, xarobaga aylandi. Turli maqsadlarda foydalanilgan bu bino, hatto Rimning qudratli zodagon oilalaridan biri bo'lmish Franjipane oilasining mudofaa qal'asiga ham aylantirilgan. Ular kuzatuv va mudofaa uchun yog'och yo'lak ham qurishgan. Keyinchalik bino tashlab ketilgan va qurilish materiallari olinadigan joy, ba'zilar uchun esa vaqtinchalik boshpana yoki otxona bo'lib xizmat qilgan.
9. Kolizey zamonamizning 7 mo'jizasidan biri deb e'lon qilingan

2007-yilda Kolizey Buyuk Xitoy devori, Petra, Machu-Pikchu va boshqa jahon durdonalari qatorida rasman "Dunyoning yangi 7 mo'jizasi" ro'yxatiga kiritildi. Bugungi kunda ham u har yili millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan dunyodagi eng mashhur turistik maskanlardan biri hisoblanadi. Mangu shahar va butun Italiya ramzi bo'lgan Kolizey besh yevrosentlik tangalarda ham tasvirlangan. Shuningdek, 1980-yildan beri u YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatidan joy olgan.
10. Har "Muqaddas Juma" (Venerdì Santo) kuni Kolizey o'lim jazosiga qarshi ramz sifatida yoritiladi

Bugungi kunda Kolizey tinchlik va adolat ramzidir. Har yili Muqaddas Juma kuni Rim Papasining tashabbusi bilan, dunyodagi o'lim jazosiga qarshilik belgisi sifatida maxsus yoritish marosimi o'tkaziladi.
Nafaqat bu! Boshqa ko'plab jahon obidalari kabi, Kolizey maxsus kunlarda, xayriya va nozik mavzularga e'tibor qaratish maqsadida turli xil ranglarda yoritiladi. Masalan, 2019-yilda AIL (qon kasalliklariga qarshi kurash assotsiatsiyasi)ning 50 yilligi munosabati bilan qizil, 2022-yilda esa epilepsiya muammosiga e'tibor qaratish uchun binafsha rangda yoritilgan.
Kolizey haqida ko'proq ma'lumot olmoqchi bo'lsangiz Kolizey rasmiy saytiga o'ting.
Kolizeyga kirish uchun onlayn chipta xarid qilmoqchi bo'lsangiz shu yerga bosing.