Brasato al Barolo (Brazato al Barolo shaklida talaffuz qilinadi) — Piamonte gastronomik an’analarining eng mashhur ikkinchi taomlaridan biri hisoblanadi. Bu nafis va boy ta’mli taomning asosiy tarkibiy qismi hududning ramziy vinolaridan biri — Barolo vinosidir. Shu sababli uni nafaqat mazali, balki tarixiy ahamiyatga ega taom deb ham atash mumkin.
Brasatoning tarixiy kelib chiqishi
Rivoyatlarga ko‘ra, graf Camillo Benso di Cavour 1859-yil 29-aprel kuni Avstriyaning qurolsizlanish haqidagi ultimatumini rad etganidan so‘ng aynan Brasato al Barolo taomini iste’mol qilgan. Bu qaror keyinchalik Italiya birlashuvi — Unità d’Italia yo‘lini ochib bergan tarixiy voqealardan biri sifatida eslanadi.
Brasato uchun eng mos go‘sht va ideal garnir
Bu retsept uchun mol go‘shtining eng mos qismi — cappello del prete, ya’ni molning yelka mushagi hisoblanadi. Aynan shu qism uzoq pishirish davomida nihoyatda yumshoq va shirador bo‘lib qoladi.
Mukammal brasatoning asosiy sirlari:
- go‘shtni uzoq vaqt marinad qilish;
- past olovda uzoq pishirish;
- quyuq va boy ta’mli sous hosil qilishdir.
Tayyor taom odatda polenta (bu italyancha taom bo'lib, makkajo'xori yormasini suvda yoki bulyonda qaynatib tayyorlanadigan quyuq bo'tqadir), kartoshka yoki kartoshkali pyure bilan tortiladi.
Tayyorlanish vaqti
3 soat 40 daqiqa
Portsiyalar soni:
Kerakli masalliqlar:
- 1 kg ip bilan bog‘langan mol go‘shti
- 50 g tindirilgan sariyog‘ (burro chiarificato)
- 5 dona archa mevasi (bacche di ginepro)
- 4 dona chinnigul ziravori (chiodi di garofano)
- 3 dona dafna yaprog‘i
- 2 dona sabzi
- 2 dona selderey poyasi
- 1 dona katta sariq piyoz
- 1 shisha Barolo vinosi
- 1 dona dolchin tayoqchasi
- ta’bga ko‘ra tuz
- ta’bga ko‘ra qora murch
1-bosqich — Marinad tayyorlash
Sabzi, selderey va piyozni mayda kub shaklida to‘g‘rang. Katta idishga go‘shtni, maydalangan sabzavotlarni, chinnigul ziravorlarini, archa mevalarini, dafna yaproqlarini va dolchin tayoqchasini joylashtiring.
So‘ng ustidan to‘liq yopadigan darajada Barolo vinosini quying.
Idishni muzlatkichga qo‘yib, kamida 12 soat davomida marinad qiling. Shu vaqt ichida go‘shtni 2–3 marta aylantirib turing, shunda u marinadni bir tekis shimadi.
2-bosqich — Go‘shtni qizartirish
Keng tovaga 40 g tindirilgan sariyog‘ solib qizdiring. Go‘shtni marinaddan olib, ortiqcha suyuqligini oqizib yuboring. So‘ng tuz va qora murchni ta’bga ko’ra qo’shing. Go‘shtni baland olovda taxminan 10 daqiqa davomida tillarang tusga kirguncha barcha tomonini qovuring
3-bosqich — Sekin pishirish
Marinaddan olingan sabzavotlarni oval shakldagi, imkon qadar cho‘yan qozonda 1 osh qoshiq tindirilgan sariyog‘ bilan bir necha daqiqa qovuring. Keyin go‘shtni hamda marinadning taxminan 3/4 qismini qo‘shing. Qozon qopqog‘ini yopib, past olovda taxminan 3 soat davomida pishiring. Pishirish davomida go‘shtni bir necha marta aylantirib turing. Agar sous juda kamayib yoki qurib borayotgan bo‘lsa qolgan marinadni, yoki go‘sht bulyonini qo‘shing.
4-bosqich — Sousni tayyorlash va dasturxonga tortish
Pishgan go‘shtni qozondan olib, bog‘langan iplarini yeching. Qolgan sousini biroz qaynatib quyuqlashtiring. Agar kerak bo‘lsa 1 choy qoshiq makkajo‘xori kraxmalini 2 osh qoshiq suvda eritib sousga qo‘shing. So‘ng tuz va murchini rostlang. Go‘shtni chiroyli qilib tilimlarga kesing va ustidan quyuq sousni quying. Sabzavotlar bilan birga dasturxonga torting.
Taomni kartoshkali pyure yoki polenta bilan iste’mol qilish tavsiya etiladi.