Milan Duomosi (Duomo di Milano) – bu shunchaki ibodatxona emas, balki Italiyaning Milan shahri ramzi, qariyb olti asr davomida qurilgan chinakam san’at asaridir. Bibi Maryamga bag‘ishlangan bu ulug‘vor bino dunyodagi eng katta katolik soborlaridan biri hisoblanadi. U o‘zining salobati, millionlab mayda detallari va boy tarixi bilan har yili dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni o'ziga rom etadi.
Bobil minorasining aksi: Qurilish qanday boshlangan?
Duomo qurilishi 1386-yilda, gotika uslubi eng gullab-yashnagan davrda arxiyepiskop Antonio da Salutsso va Jan Galeatso Viskonti tashabbusi bilan boshlangan. U eski cherkovlar o'rnida, Milan xalqining xayriya mablag'lari hisobiga qad ko'targan.

Qiziq tomoni shundaki, soborni ko'pincha "Bobil minorasining aksi" deb atashadi. Chunki uni qurish uchun Fransiya, Germaniya va Italiyadan turli tillarda gaplashuvchi yuzlab me’mor va muhandislar (jumladan, ilk loyiha muallifi italiyalik Simone de Orsenigo) jalb qilingan. Til to‘sig‘i bo'lishiga qaramay, ular asrlar davomida ajoyib tarzda birgalikda ishlay olishdi. 1387-yilda binoni saqlash va qurilishni boshqarish uchun maxsus tuzilgan "Veneranda Fabbrica del Duomo" tashkiloti esa bugungi kunda ham soborga g'amxo'rlik qilib kelmoqda.
Arxitektura: "Alangalanuvchi gotika"

Milan sobori arxitekturasini mutaxassislar "alangalanuvchi gotika" (yoki olovli gotika) deb atashadi. Sababi, bino yuzasidagi turli naqshlar, murakkab bezaklar, cho‘ziq peshtoqlar va uchli ravoqlarning ko‘pligidan u xuddi olov ichida qolgandek taassurot uyg‘otadi.
Soborni jami 135 ta baland minora (shpil) va 3,400 dan ortiq haykallar bezab turadi. Bunday ko‘p minoralar va haykallar dunyodagi boshqa hech bir soborda yo‘q.
Noyob Kandolya marmari va "A ufo" iborasi

Italiya uchun odatiy bo‘lgan g‘isht o‘rniga, soborni shahardan 100 kilometr uzoqlikdagi Kandolya karyerlaridan qazib olinadigan noyob oq-pushti marmardan qurishga qaror qilishgan.
Qiziqarli fakt: Og'ir marmar toshlarni Milanga daryo va sun'iy kanallar (Navigli) tarmog'i orqali olib kelishgan. Duomo qurilishi uchun mo'ljallangan bu toshlardan boj va soliq olinmasligi uchun ularning ustiga "AUF" (Ad Usum Fabricae - qurilish ehtiyojlari uchun) deb yozib qo'yilgan. Xalq orasida bu yozuv tez-tez tilga olinib, italyan tilida "A ufo" degan ibora paydo bo'ldi. U bugungi kunda ham "tekinga, bepulga" degan ma'noni anglatadi!
Ulkan o‘lchamlar va ichki boylik
Duomo to‘liq qurib bitkazilgach, uning o'lchamlari Yevropani hayratga soldi:
-
-
Uzunligi: 155 metrdan oshadi.
-
Kengligi: 90 metrdan oshadi.
-
Sig'imi: Bir vaqtning o‘zida 40 ming kishini sig‘dira oladi.
-
Balandligi: Asosiy minora balandligi 108,5 metrni tashkil qiladi.
-
Ichkariga kirsangiz, "Lotin xochi" shaklida qurilgan bino, 52 ta ulkan ustun va asrlarni qaritgan rang-barang oynalar (vitrajlar) sizni lol qoldiradi. Shuningdek, bu yerda "Duomoning buyuk organi" (organ - musiqa asbobi) joylashgan bo‘lib, u kattaligi bo'yicha Italiyada birinchi, Yevropada esa ikkinchi o‘rinda turadi.
Tarixiy burilishlar: Napoleon va urush yillari

Qurilish shunchalik uzoq cho'zildiki, asosiy ishlar faqat 1807-1813 yillarda, Italiyani bosib olgan Napoleon Bonapartning shoshilinch buyrug'i va aralashuvi bilangina yakuniga yetkazildi.
Binoning eng baland nuqtasiga 1773-yilda Milan ramzi hisoblangan oltin rangli "Madonnina" (Bibi Maryam) haykali o‘rnatilgan. Ikkinchi Jahon urushi paytida (1943-yil avgust) Milan qattiq bombardimon qilinganda sobor jiddiy zarar ko'rgan. Yaxshiyamki, muhim asarlar va qadimiy oynalar urushdan oldin qum qoplari bilan himoyalangan va xavfsiz joyga olingan edi. Hayratlanarlisi, barcha bezaklar va fasadning eng so'nggi detallari faqatgina 1965-yildagina to'liq bitkazildi.
Duomo haqida sizni hayratga soluvchi 10 ta noyob fakt:
1. Ozodlik haykalining ilhom manbayi: Soborning old tomonida (balkonda) 1810-yilda Kamilo Pachetti tomonidan yasalgan "Yangi Qonun" (La Legge Nuova) deb nomlangan haykal bor. Uning boshidagi toji va qo'lidagi mash'alasi Nyu-Yorkdagi mashhur "Ozodlik haykali"ga shunchalik o'xshaydiki, ko'pchilik tarixchilar uni fransuz haykaltaroshi Bartoldi uchun asosiy ilhom manbayi bo'lgan deb hisoblaydilar.
2. Muqaddas mix va Da Vinchi lifti: Sobor ichkarisida, shiftga yaqin joyda doim qizil chiroq yonib turadi. Aynan o'sha yerda Iso Masihni xochga mixlashda ishlatilgan qadimiy mixlardan biri saqlanadi deb ishoniladi. Har yili 14-sentyabrda nishonlanadigan Muqaddas Xoch bayramida yepiskop maxsus "Nivola" (lombard tilida bulut) deb nomlangan savat-liftda tepaga ko'tarilib, o'sha mixni pastga olib tushadi. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, bu murakkab ko'tarish mexanizmini aynan Leonardo da Vinchi o'ylab topgan!
3. O'z terisini ko'tarib turgan haykal: Sobor ichidagi eng g'ayrioddiy asarlardan biri bu – Avliyo Varfolomey (San Bartolomeo) haykalidir. Haykaltarosh uni shunchalik anatomik aniqlikda ishlaganki, avliyo yelkasiga yopinib olgan mato kiyim emas, balki uning shilib olingan o'z terisi ekanligini anglab, kishi beixtiyor seskanib ketadi.
4. Tomdagi ajoyib manzara: Duomo dunyodagi tomini tomosha qilishga va ustida sayr qilishga ruxsat berilgan kamdan-kam diniy obidalardan biridir. Yuqoriga ko'tarilib, nafaqat soborning yuzlab ajoyib haykallari va Milan shahrining go'zal manzarasini, balki ochiq kunlarda uzoqdagi qorli Alp tog'larini ham tomosha qilish mumkin.
5. Italiyada 2-o'rinda: Bu muhtasham ibodatxona kattaligi bo‘yicha Italiyada faqat Rimdagi Avliyo Pyotr soboridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Sig‘imi bo‘yicha esa (bir vaqtning o‘zida 40 000 kishi sig‘adi) Ispaniyaning Sevilya shahridagi sobordan keyin turadi.
6. Haykallar: Soborni jami 3400 tadan ko'proq haykallar bezab turadi. Eng qizig'i, ularning birortasining yuzi boshqasinikiga o‘xshamaydi. Haykaltaroshlar ularni yasashda shahar aholisining yuz tuzilishidan namuna sifatida foydalanishgan.
7. Marmar ibodatxona: Duomo sobori — Yevropadagi to'liq oq marmardan qurilgan yagona gotika ibodatxonasidir. Shuningdek, u butun dunyoda shunday tosh bilan qoplangan eng yirik bino ham hisoblanadi.
8. Soborning eng asosiy haykali — Milan homiysi hisoblangan tilla rangli "Madonnina" (Oltin Madonna) eng baland minoraga o‘rnatilgan. Uning balandligi 4 metrni tashkil qiladi.
9. Binodagi rangli oynalar (vitrajlar) Injil voqealari va Italiya tarixi asosida ishlangan. Ularning eng qadimiylari XV asrga tegishli.
10. Sobor ichida ulkan quyosh soati bor. Maxsus teshikdan kirayotgan quyosh nurlari g‘arbiy devordagi "peshin chizig‘i" deb ataladigan joyga tushadi. Bu chiziq orqali kunduzgi soat toppa-to'g'ri 12:00 bo'lganini aniqlash mumkin.

Ish vaqti va chipta narxlari
Sayyohlar uchu ish vaqti: Sayyohlik mavsumida sobor dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 19:00 gacha, mavsumdan tashqari vaqtlarda esa 09:30 dan 16:30 gacha ochiq bo'ladi.
-
-
Dam olish va bayram kunlarida esa 09:00 dan 17:00 gacha kirish mumkin.
-
Chipta narxlari: Narxlar tashrif turi va toifasiga qarab turlicha bo'ladi:
-
-
Soborning o'ziga kirish: Kattalar uchun — 8 yevro, bolalar uchun — 4 yevro.
-
Tomdagi maydonchaga (terrasaga) chiqish: Piyoda chiqsangiz — 13 yevro (bolalarga 6,5 yevro). Agar liftda chiqmoqchi bo'lsangiz — 15 yevro (bolalarga 7,5 yevro).
-
Majmuaviy chipta (Sobor + muzey + tomdagi maydonchaga liftda chiqish + arxeologik hudud): Kattalar uchun — 22 yevro, bolalar uchun — 11 yevro.
-
Kichik maslahat: Kassadagi uzun navbatlarda turib qolmaslik va vaqtingizni tejash uchun chiptani internet orqali (onlayn) oldindan sotib olganingiz ma'qul.
Duomo sobori qayerda joylashgan va unga qanday borish mumkin?
Sobor Milanning qoq markazida, Piazza del Duomo (Duomo maydoni)da joylashgan. U yerga jamoat transportida borgan eng yaxshi yechimdir. Shahar markazida mashinalar turar joyi juda kamligi sababli, shaxsiy yoki ijaraga olingan avtomobil sizga katta muammo tug'dirishi mumkin. Milanda, Yevropaning boshqa yirik shaharlarida bo'lgani kabi markazda mashina parkovka qilish taqiqlangan.
Lekin shaharda jamoat transporti juda yaxshi rivojlangan bo'lib, o'zingizga qulayini tanlashingiz mumkin:
-
-
Metro: M1 (qizil liniya) yoki M3 (sariq liniya) orqali "Duomo" bekatigacha borasiz. Bekatdan chiqishingiz bilan to'g'ridan-to'g'ri Sobor maydoniga borib tushasiz.
-
Tramvay № 2, 3, 14: "Via Torino" bekatigacha boradi.
-
Tramvay № 12, 16, 19: "Via Mazzini" bekatida tushish kerak.
-
Tramvay № 24, 27: "Piazza Fontana" bekatigacha boradi.
-
Tramvay bekatlari metrodan ko'ra sobordan biroz uzoqroqda joylashgan. Biroq tramvayda yurish juda qiziqarli. Shahar ko‘chalari bo‘ylab sekin harakatlanib, Milanning qadimiy va chiroyli manzaralarini tomosha qilib ketish imkoniyatiga ega bo'lasiz.