⬅ Myblog bo'limiga qaytish

Mening PhD sayohatim. Birinchi qism

Rasm

Magistraturani 2021-yilda tamomlaganman, shundan so'ng to'g'ri O'zbekiston jahon tillari universitetining Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasiga italyan tili stajyor-o'qituvchisi bo'lib ishga joylashganman (aybim magistraturani kontraktda o'qiganim ekan, yo'qsa birdan o'qituvchi bo'lib ishga joylashishim mumkin edi). Deyarli bir yil o'tib, ya'ni 2022-yilning may oyida prezidentimizning Italiyaga tashrifi haqidagi mish-mishlari ortidan (tashrif 2023-yilda amalga oshdi) Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashkil etildi va biz, Roman-german tillari tarjimashunosligi tarkibidagi italyan tili o'qituvchilari - u vaqtda xorijlik o'qituvchini hisobga olmasak, 4 kishi edik - yangi kafedraga o'tdik. 

Yangi kafedra tuzildi, lekin uning ilmiy faoliyatida kamchiliklar ko'zga tashlana boshladi. Ko'zga tashlanadiyamda, chunki oramizda hech kimning na ilmiy darajasi, na ilmiy unvoni bor edi. O'zi kafedra yaratilishi uchun ilmiy salohiyat degan narsa bo'lishi kerak, bizning kafedra esa istisno edi, negaki u falakning gardishi tufayli yuqoridan berilgan buyruq ortidan paydo bo'lgandi (bu uchun prezidentimizga rahmat :-)). Endigi maqsad ilm qilish edi. Shu sabab men va kafedra mudiramiz 2023-yil 3-choragida mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirdik. Ilmiy rahbar topildi, hujjatlar yuklandi. O'zi ertaroq topshirmoqchi edim, lekin ilmiy bo'limdagilarimiz o'shanda 3-yillik pedagogik tajriba majburiy degan absurd gaplarni aytganlaridan so'ng topshirmagandim (ular yo qoidalar o'zgarganini bilishmagan yoki atay shunday ishlarni qilishar edi), boshqa univer bo'lsa janjal qilsa bo'ladi, mening holatimda sukut eng yaxshi qurol edi.

Xullas, noyabr oyida imtihon bo'lib o'tdi va undan muvaffaqiyat bilan o'tdim. 2024-yil yanvardan buyrug'imiz chiqdi va men rasman mustaqil tadqiqotni boshladim. Mavzum magistratura dissertatsiya ishim. Sekin-asta vaqt ham o'taverdi, men esa hamon eyforiyada edim. Hazil - ish yuklamamning ko'pligi sabab bosh qashlashga ham vaqt yo'q edi. Birinchi yilda tasdiqlanishi kerak bo'lgan hujjatlarni o'qishimning 2-yilida tasdiqlatdim, Biriktirilgan kafedramga ham aynan o'shanda birinchi marta bordim (joylashuvi chap edi). Monitoringlarga ham deyarli bormadim, negaki ishga ko'milib qolgan edim. Onlayn monitoringni kim joriy etgan bo'lsa, otasiga rahmat - vaqtni ham, pulni ham, asabni ham tejaydi.

Hash-pash deguncha o'qishimning 3-yili kirib keldi. Bu muhlat ichida mavzum yuzasidan maqolalar chop ettirdim, ilmiy rahbarim oldiga bir-necha marta borib keldim. Bo'ldi... 2026-yilni "shu yil himoya qilishim kerak" degan g'oya bilan boshladim. Yil boshida ilmiy rahbarimning maslahatlarini olib keldim. U kishini ko'p ham bezovta qilib bo'lmaydi, negaki yumushlari ko'p. Hisoblab ko'rsam, 19 ta ilmiy ishlar nashr qildirgan ekanman. Himoya oldi imtihonlaridan ham o'tib oldim (mutaxassislik fan va ingliz tili), birinchisini 2-urinishda o'tdim. Endi ishim tezlashib ketsa kerak deb yursam, chuchvarani xom sanagan ekanman....

Dekanimiz tadqiqotchilar dissertatsiya ishini kengaytirilgan kafedra yig'ilishiga qo'yishdan oldin to'planishi, qilinishi kerak bo'lgan ishlar ro'yxatini berdi (hujjatlar ilmiy bo'lim tomonidan ko'rib chiqilgandan so'nggina himoya oldi muhokamalarga start berilar ekan). Uni ko'rib osmondan yerga tushdim. Ular orasida monitoring va hisobotlar namunalari, umrim bino bo'lib eshitmagan ilmish ish mavzusini joriy etish hujjatlari va boshqa qog'ozlar yuzimga muzdek suv kabi tegdi. Tushunib yetdimki, hali meni uzoq va mashaqqatli hamda mazmunli sayohat kutib turmoqda.

 

Bu haqida keyingi maqolamda yozaman deb niyat qildim, chunki qilinishi kerak bo'lgan ish ko'p. Hozircha nimalarni tushunib yetdim:

  • Hujjatlarni vaqtida to'g'rilab qo'yish (kimdir o'shanda mashnaqa bo'ladi deganda ham boshqacha bo'lardi, chamamda);
  • Ilm qilish davrida ishni kamaytirish (kafedrada kadrlar tanqisligi borligi uchun mening gardanimda 1,5 stavka + soatbay ish bor edi);
  • Onlayn bo'lsa ham ilmiy himoyalar, ilmiy seminarlar va kafedra muhokamalarini kuzatib borish;
  • Mablag' ajrata borish (oldinda xarajatli joylari ko'p ekan kottalarni etishicha);
  • Qunt qilish (ilm borasida aynan shu band mening zaif joyim).

💬 Izohlar (0)

🤖 2 + 4 =
Hali izohlar yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring! 🎯
⬅ Myblog bo'limiga qaytish
Sayt rivojiga hissa qo'shing!
inITALIA.uz loyihasi doimiy ravishda bepul va foydali bo'lib qolishi uchun o'z yordamingizni ayamang. Sizning kichik e'tiboringiz loyiha uchun juda muhim!
💳 Loyihani qo'llab-quvvatlash
Ushbu oyna avtomatik 15 soniyadan so'ng yopiladi