Barcha avliyolar kuni — 1-noyabrda nishonlanadigan muhim diniy bayram bo‘lib, u nasroniy an’anasida barcha avliyolarni yodga olishga bag‘ishlangan. Bayram qadimgi an’analar, cherkov tarixi va xalq urf-odatlari bilan bog‘liq bo‘lib, bugungi kunda ham diniy va madaniy ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Barcha avliyolar kunining ildizlari milodiy IV asrga borib taqaladi. Dastlab nasroniy jamoalar turli sanalarda jafokashlarni yodga olishgan. Bu sanalar hududlarga qarab farq qilgan. Masalan Pentekostdan (muqaddas ruh tushgan kun) keyingi yakshanba, 20-aprel hamda 13-may oralig'ida nishonlangan. 609-yilda Papa Bonifachio IV Rimdagi qadimgi g'ayridinlar ibodatxonasini Panteonni cherkovga aylantirib, uni Bibi Maryam va jafokashlarga bag‘ishladi. O'shanda bayram 13-mayda nishonlangan.
835-yilda Papa Gregorio IV bayramni 1-noyabrga ko‘chirdi va uni barcha avliyolarni yodga olish kuni sifatida belgiladi. 1475-yilda Papa Sisto IV qarori bilan bu bayram butun nasroniy dunyosi uchun majburiy diniy bayramga aylandi.
Bayramning ma’nosi
Barcha avliyolar kuni (Tutti i Santi, ya’ni Ognissanti) — o‘z hayoti davomida iymon, halollik namunasini ko‘rsatgan barcha insonlarni yodga olish kunidir. Bu yerda faqat rasmiy ravishda avliyo deb e’lon qilingan shaxslar emas, balki oddiy hayot kechirgan, lekin ezgulik yo‘lida yashagan insonlar ham nazarda tutiladi.
Kanonizatsiya — insonni vafotidan keyin jannatda ekanini rasman tan olish jarayoni bo‘lib, u beatifikatsiyadan yuqori bosqich hisoblanadi va bunday insonlar ma'sud sifatida e’zozlanadi. Ushbu bayram esa avliyo darajasiga yetmagan bo'lsada yaxshi ishlar qilgan insonlarni ham yodga olish kuni hisoblanadi.
Nima uchun 1-noyabrda nishonlanadi?
1-noyabr sanasining tanlanishi qadimgi an’analar bilan bog‘liq. Bu davrda kelt xalqlarida Samhain bayrami nishonlangan bo‘lib, u hosil yig‘imining yakunlanishi, sovuq mavsum boshlanishini bildirgan. Shuningdek, bu davrda tiriklar hamda marhumlar olami o‘rtasidagi bog‘liqlik kuchayadi degan qarashlar ham mavjud bo‘lgan. Shu sababli cherkov bu sanani tanlab, mavjud an’analarni diniy mazmun bilan uyg‘unlashtirgan.

Kimlar nishonlaydi
Barcha Avliyolar kuni 1-noyabrda katolik cherkovi va ayrim protestant yo‘nalishlari tomonidan nishonlanadi. Bu kunda Papa tush payti Anjelus (maxsus ibodat)ni o‘qiydi. Pravoslav cherkovida esa bu bayram Pentekost bayramidan keyingi birinchi yakshanba kuni nishonlanadi.
Italiyada 1-noyabr diniy hamda fuqarolik bayrami hisoblanadi. Uning diniy bayram sifatida shakllanishi O‘rta asrlarga borib taqaladi. 1949-yilda Italiya davlati bu kunni rasmiy davlat bayrami sifatida tan oldi. Ushbu qarordan keyin bayram sanasida maktablar hamda ish faoliyati to‘xtatilib, dam olish kuni sifatida e'lon qilindi. 1-noyabrdan keyingi kun 2-noyabr esa marhumlarni yodga olish kuni bo‘lib, bu ikki sana o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.
Halloween bilan bog‘liqligi
31-oktabr kechasi nishonlanadigan Halloween Barcha avliyolar kuni bilan bevosita bog‘liq. Uning nomi inglizcha “All Hallows’ Eve” ya’ni “Barcha avliyolar bayramidan oldingi kun” degan ma’noni bildiradi. Qadimgi kelt an’analariga ko‘ra, bu kechada marhumlar ruhlari yerga tushadi deb ishonilgan. Bugungi kunda Halloween ko‘proq ko‘ngilochar bayramga aylangan bo‘lsa-da, uning ildizlari ham diniy ham tarixiy an’analarga borib taqaladi.
Italiyada bu bayram diniy va xalq an’analarini birlashtiradi. Masalan, Sitsiliyada martorana mevalari (frutta martorana) — bodomdan tayyorlangan meva shaklidagi shirinliklar, shakar haykalchalar (pupi di zucchero) tayyorlanadi. Toskanada, shuningdek, Umbriada ham “marhumlar pechenelari” (fave dei morti) — bodomli shirinliklar pishiriladi. Sardiniyada bolalar uyma-uy yurib, marhumlar nomidan sovg‘a yoki shirinlik so‘rashadi. Bu an’ana “shirinlik ber yoki hazilga tayyor bo‘l” (dolcetto o scherzetto) odatiga o‘xshash.
Barcha Avliyolar kuni — diniy, tarixiy hamda madaniy jihatdan muhim bayram bo‘lib, u insonlarni ezgulikka, iymonga undaydi. Shu bilan birga, u nafaqat qadimgi an’analar, balki zamonaviy urf-odatlarning ham uyg‘unlashgan namunasi hisoblanadi.
Italyan tilidan tarjima qilgan TITA-2318 guruh talabalari:
- Ovulova Nozanin
- Qodirov Alibek
- Tursunov Jahongir
- Usmonova Durdona
- Xasanova Ruhshona
- Xolmatova Diyora
- Yo‘ldosheva Marjona