⬅ Yangiliklar bo'limiga qaytish

CELI, CILS va PLIDA

Rasm

Italyan tilini o‘rganishni boshlagan o‘quvchilar va talabalar mendan juda ko‘p so‘rashadi: «Ustoz, italyan tilidan sertifikat olmoqchiman, qaysi biriga topshirsam bo‘ladi — CELI yaxshimi, CILS osonroqmi yoki PLIDA? Yoki o‘zimizda chiqqan milliy sertifikatga kiraveraymi?» To‘g‘risi, bu savolga bitta so‘z bilan javob berib bo‘lmaydi. Chunki har bir imtihonning o‘ziga yarasha qulay va noqulay tomonlari, narxi, javob chiqish muddati va o‘tish shartlari bor. Keling, ushbu maqolada rasmiy qoliplardan chetlashib, xuddi darsda suhbatlashgandek barcha sertifikatlarni bitta-bitta ko‘rib chiqamiz.

1. Italyan tili sertifikatlari

Ingliz tilini o‘rganuvchilar IELTS yoki TOEFL haqida qanchalik yaxshi bilishsa, italyan tilini o‘rganuvchilar uchun CELI, CILS va PLIDA xuddi shunday asosiy xalqaro sertifikatlar hisoblanadi. Bularning barchasi Italiya Tashqi ishlar vazirligi hamda Ta’lim vazirligi tomonidan tan olingan bo‘lib, yagona sifat tizimi — CLIQ (Certificazione Lingua Italiana di Qualità) uyushmasiga birlashgan. Oddiy qilib aytganda, CLIQ tamg‘asi bor sertifikat butun dunyoda o‘tadi va hech bir tashkilot uning haqiqiyligiga shubha qilmaydi.

Ushbu xalqaro sertifikatlarning barchasi Yevropa Kengashining til bilish darajalari (CEFR) asosida 6 ta bosqichga bo‘linadi: A1 (boshlang‘ich), A2 (elementar), B1 (o‘rta), B2 (o‘rtadan yuqori), C1 (ilg‘or) va C2 (mukammal — ona tilidek bilish). Eng muhim jihati shundaki, CELI, CILS va PLIDA sertifikatlarining amal qilish muddati cheklanmagan, ya’ni ularni bir marta qo‘lga kiritsangiz, umrbod yaroqli bo‘lib qoladi.

2. CELI sertifikati

CELI nima? CELI (Certificato di Conoscenza della Lingua Italiana) — Italiyaning Peruja shahrida joylashgan Peruja chet elliklar universiteti (Università per Stranieri di Perugia) huzuridagi CVCL markazi tomonidan beriladigan xalqaro sertifikatdir. Uning darajalari raqamlar bilan nomlanadi: CELI Impatto (A1), CELI 1 (A2), CELI 2 (B1), CELI 3 (B2), CELI 4 (C1) va CELI 5 (C2). Bundan tashqari, o‘smirlar uchun CELI Adolescenti va Italiyada yashovchi muhojirlar uchun CELI Immigrati turlari ham bor.

Imtihon jadvali: Standart CELI imtihonlari yiliga 3 marta o‘tkaziladi: mart oyida (faqat A1 dan B2 gacha bo‘lgan darajalar uchun), iyun oyida (barcha A1–C2 darajalar uchun) va noyabr oyida (barcha A1–C2 darajalar uchun). Masalan, 2026–2027-yillar taqvimiga ko‘ra asosiy sessiyalar martning birinchi yarmi, iyunning boshi va noyabrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi.

Yozilish (ro‘yxatdan o‘tish) tartibi: Imtihonga ro‘yxatdan o‘tish imtihon kunidan taxminan 35–40 kun oldin yopiladi (masalan, iyun imtihoni uchun may oyi boshida, noyabr imtihoni uchun oktabr o‘rtasida). Yozilish uchun nomzod imtihon markaziga murojaat qilib, maxsus anketa to‘ldiradi, pasport (yoki xorijga chiqish pasporti) nusxasi hamda imtihon to‘lovi kvitansiyasini topshiradi. Har bir nomzod uchun alohida elektron pochta manzili ko‘rsatilishi shart.

To‘lovi: Peruja universitetining o‘zida standart CELI imtihonini topshirish narxi barcha darajalar uchun 120 yevro etib belgilangan. Xorijdagi, jumladan O‘zbekistondagi akkreditatsiyadan o‘tgan markazlarda esa mahalliy tashkiliy va pochta xarajatlari hisobga olingan holda narx darajaga qarab o‘rtacha 80 yevrodan 120 yevrogacha atrofida bo‘ladi.

Qayerda topshiriladi va O‘zbekistonda mavjudligi: Imtihon Perujaning o‘zida, Italiya madaniyat institutlarida hamda dunyo bo‘ylab Peruja universiteti bilan shartnoma tuzgan markazlarda an’anaviy qog‘oz-ruchka shaklida topshiriladi. O‘zbekistonda CELI imtihoni Toshkent shahrida — O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) hamkorligida tashkil etib kelinadi. Shu sababli Toshkentda yashovchi va o‘quvchi talabalar uchun CELI eng yaqin va qulay variantlardan biridir. HOZIRGI VAQTDA TOSHKENT CELI MARKAZI VAQTINCHA FAOLIYAT OLIB BORMAYAPTI!

Baholashda nimalar hisobga olinadi: CELI imtihoni ikki katta blokka bo‘linadi: Yozma qism (Prova scritta) va Og‘zaki qism (Prova orale). A1 dan B2 gacha yozma qism ichiga o‘qib tushunish (Lettura), yozma nutq (Produzione di testi scritti) va tinglab tushunish (Ascolto) kiradi. C1 (CELI 4) va C2 (CELI 5) darajalarida esa yozma qismga alohida grammatik va leksik kompetensiya (Competenza linguistica) bo‘limi ham qo‘shiladi. Baholashda yakuniy natija 5 xil harf bilan ifodalanadi: A (a’lo — ottimo), B (yaxshi — buono), C (yetarli — sufficiente) — bular imtihondan o‘tganlikni bildiradi; D (yetarli emas) va E (juda past) esa yiqilganlikni anglatadi.

Imtihonning qiyinchilik darajasi, o‘tish ehtimoli va qulayliklari: CELI imtihonining eng katta qulayligi — yozma blok ichida ballarning o‘zaro jamlanishidir. Ya’ni, agar siz tinglash (Ascolto) qismida biroz kamroq ball to‘plasangiz-u, lekin o‘qish va insho yozishda yuqori ball olsangiz, yozma qismning umumiy bali o‘tish chegarasiga yetishi mumkin. Shu bois ko‘pchilik o‘quvchilar uchun CELIdan o‘tish ehtimoli CILSga qaraganda biroz yuqoriroq bo‘ladi. Biroq C1 va C2 darajalarida matnni qisqartirib qayta ifodalash (riassunto/riformulazione) va murakkab leksik transformatsiyalar ancha jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. Yana bir katta qulayligi — «Capitalizzazione» tizimi: agar yozma qismdan o‘tib, og‘zaki qismdan yiqilsangiz (yoki aksincha), 1 kalendar yili ichida faqat yiqilgan qismingizni to‘lovning 70 foizini to‘lab qayta topshirishingiz mumkin.

Javobi qancha muddatda chiqishi va apellyatsiya tartibi: Imtihon materiallari Toshkentdan Italiyaga (Perujaga) jo‘natilib, u yerdagi maxsus komissiya tomonidan tekshirilgani uchun natijalar imtihon kunidan boshlab 90 kungacha (taxminan 3 oy) muddatda CVCL rasmiy saytidagi shaxsiy kabinetda e’lon qilinadi. Asl sertifikat kelgunga qadar shaxsiy kabinetdan vaqtinchalik tasdiqnoma (attestato provvisorio) yuklab olish mumkin. Apellyatsiya masalasiga kelsak, CELIda o‘zimizdagi testlardek «mening inshoyimga kam ball qo‘yishibdi, qaytadan ko‘rib ball qo‘shib beringlar» degan odatiy apellyatsiya yo‘q, chunki har bir ish Perujada ikki mustaqil ekspert tomonidan tekshiriladi. Faqatgina texnik xatolik (masalan, varaqlar o‘qilmay qolgani yoki ballar qo‘shishda xato ketgani) bo‘yicha imtihon markazi orqali CVCLga rasmiy tekshiruv so‘rovi kiritish mumkin.

Mashhurligi va O‘zbekistonda tan olinishi: CELI dunyoda eng ko‘p topshiriladigan ikkita italyan tili sertifikatidan biri bo‘lib, O‘zbekistonda ham juda mashhur. U O‘zbekistonda B2 va C1 darajalarida oliy ta’lim muassasalari, magistratura va doktoranturaga kirish hamda o‘qituvchilarning 50 foizlik ustamasi uchun to‘liq tan olinadi.

3. CILS sertifikati

CILS nima? CILS (Certificazione di Italiano come Lingua Straniera) — Siyena chet elliklar universiteti (Università per Stranieri di Siena) tomonidan beriladigan xalqaro sertifikatdir. U 1993-yildan beri o‘tkazib kelinadi va darajalari quyidagicha nomlanadi: CILS A1, CILS A2, CILS Uno (B1), CILS Due (B2), CILS Tre (C1) va CILS Quattro (C2). Shuningdek, Italiya fuqaroligini oluvchilar uchun maxsus qisqartirilgan CILS B1 Cittadinanza turi ham mavjud.

Imtihon jadvali: Barcha 6 ta daraja (A1 dan C2 gacha) uchun yiliga 2 ta yirik jahon sessiyasi o‘tkaziladi: iyun oyining birinchi haftasida va dekabr oyining birinchi haftasida. Bundan tashqari, A2, B1 Cittadinanza va B2 darajalari uchun fevral, aprel va oktabr oylarida qo‘shimcha sessiyalar ham tashkil etiladi.

Yozilish (ro‘yxatdan o‘tish) tartibi: CILS imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish imtihondan kamida 40–45 kun oldin yakunlanadi (masalan, iyun sessiyasi uchun aprel oxirigacha, dekabr sessiyasi uchun oktabr o‘rtalarigacha). Nomzod imtihon oluvchi markazga ariza formasi (Modulo di iscrizione), pasport nusxasi va to‘lov kvitansiyasini topshiradi. Birinchi marta topshirganda nomzodga maxsus «numero di matricola» (ro‘yxat raqami) beriladi va shu raqam orqali keyinchalik natijalar tekshiriladi.

To‘lovi: CILSda narxlar darajaning murakkabligiga qarab o‘zgarib boradi: A1 va A2 darajalari taxminan 40–50 yevro, B1 (CILS Uno) 90–100 yevro, B2 (CILS Due) 105–110 yevro, C1 (CILS Tre) 135 yevro va C2 (CILS Quattro) 160 yevro atrofida turadi (xorijdagi markazlarda bunga markazning kichik ma’muriy to‘lovi ham qo‘shilishi mumkin).

Qayerda topshiriladi va O‘zbekistonda mavjudligi: CILS dunyo bo‘ylab Siyena universiteti bilan shartnoma imzolagan yuzlab markazlarda va Italiya madaniyat institutlarida o‘tkaziladi. O‘zbekistonda CILS juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan: xususan, Samarqand davlat chet tillar instituti (SamDChTI) Siyena chet elliklar universiteti bilan A1–C2 darajalarda CILS imtihonini o‘tkazish bo‘yicha rasmiy kelishuvga ega. 

Baholashda nimalar hisobga olinadi: CILS imtihonining eng asosiy farqi — B1 dan C2 gacha bo‘lgan darajalarda imtihon 5 ta alohida bo‘limdan iborat bo‘lishidir: 1) Ascolto (tinglash), 2) Comprensione della lettura (o‘qish), 3) Analisi delle strutture di comunicazione (grammatika va muloqot tuzilmalari tahlili), 4) Produzione scritta (yozish) va 5) Produzione orale (gapirish). Har bir bo‘lim maksimal 20 ball bilan baholanadi (jami 100 ball; A1–A2 da esa 60 ball). Imtihondan to‘liq o‘tish uchun har bir bo‘limdan kamida 11 ball (jami kamida 55/100 ball) to‘plash shart.

Imtihonning qiyinchilik darajasi, o‘tish ehtimoli va qulayliklari: Ko‘pchilik CILSda birinchi urinishda 5 ta bo‘limning hammasidan birdek 11 balldan yuqori olishga qiynaladi. Masalan, 4 ta bo‘limdan 18 balldan olib, bittagina bo‘limdan 10 ball olib qolsangiz ham, sertifikat darhol berilmaydi. Lekin CILSning eng katta qulayligi ham aynan shu yerda: sizga «Attestato di capitalizzazione» beriladi va o‘tgan bo‘limlaringiz natijasi 18 oy davomida saqlanib qoladi! Keyingi sessiyada siz butun imtihonni emas, faqatgina o‘sha yiqilgan bitta bo‘limingizni (bor-yo‘g‘i 15–35 yevro to‘lab) qayta topshirasiz. O‘zim ham CILS topshirganimda aynan shu tizim qanday ishlashini amalda ko‘rganman — bu nomzodga ruhiy bosimni ancha kamaytiradi. Qolaversa, grammatikani yaxshi biladigan o‘quvchilar uchun 3-bo‘lim (Analisi delle strutture di comunicazione) aniq qoidalarga tayanganligi sababli juda qulay.

Javobi qancha muddatda chiqishi va apellyatsiya tartibi: CILS javoblari ham Siyenaga yuborilib tekshirilgani bois imtihondan so‘ng taxminan 3 oy ichida chiqadi. Natijani Siyena universiteti saytida tug‘ilgan sana va «matricola» raqamini kiritib ko‘rish mumkin. Apellyatsiya tartibi CELI bilan bir xil: baholar Siyena markazining maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan baholovchilari tomonidan qat’iy mezon asosida qo‘yilgani uchun oddiy shikoyat bilan ball qo‘shilmaydi, faqat texnik xatolik gumon qilinganda markaz orqali Siyenaga tekshiruv so‘rovi yuboriladi.

Mashhurligi va O‘zbekistonda tan olinishi: O‘zbekistonda italyan tili o‘qituvchilari va talabalari orasida CILS eng mashhur va eng ko‘p topshirilgan sertifikat hisoblanadi. Vazirliklarning xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi ro‘yxatida CILS birinchilardan bo‘lib kiritilgan va ustama hamda o‘qishga kirishda hech qanday muammosiz o‘tadi.

4. PLIDA sertifikati

PLIDA nima? PLIDA (Progetto Lingua Italiana Dante Alighieri) — Rim shahrida joylashgan, 1889-yilda tashkil topgan mashhur Dante Aligyeri jamiyati (Società Dante Alighieri) tomonidan beriladigan rasmiy sertifikatdir. Darajalari: PLIDA A1, A2, B1, B2, C1, C2 hamda 13–18 yoshli o‘smirlar uchun PLIDA Juniores (A1–B2).

Imtihon jadvali: PLIDA yil davomida eng ko‘p sessiya o‘tkazadigan imtihonlardan biridir: fevral, mart, aprel, may, iyun, sentabr, oktabr va noyabr oylarida turli darajalar uchun imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa, iyun va noyabr oylarida deyarli barcha asosiy darajalar (B1, B2, C1) bo‘yicha imtihon topshirish mumkin.

Yozilish (ro‘yxatdan o‘tish) tartibi: PLIDA imtihoniga yozilishning bitta o‘ziga xos qoidasi bor: nomzod avvalo dante.global platformasida shaxsiy profil ochishi va Dante Aligyeri jamiyatiga a’zo bo‘lishi (tessera) so‘raladi. Ro‘yxatdan o‘tish odatda imtihondan 10–15 kun oldin yopiladi — bu CELI va CILSga qaraganda ancha qisqa va qulay muddatdir.

To‘lovi: Imtihon narxi darajasiga qarab 75 yevrodan 152 yevrogacha (masalan, A2 ~75 yevro, B1 va B2 ~107 yevro, C1 va C2 ~152 yevro) hamda jamiyat a’zolik badali (taxminan 15–25 yevro)ni tashkil etadi. PLIDAning juda foydali tomoni — qo‘shimcha 20–30 yevro to‘lab «correzione prioritaria / urgente» (tezkor tekshiruv) xizmatini buyurtma qilish mumkin.

Qayerda topshiriladi va O‘zbekistonda mavjudligi: PLIDA butun dunyodagi Dante Aligyeri jamiyati qo‘mitalari (Comitati) va akkreditatsiyalangan markazlarda o‘tkaziladi. O‘zbekistonda 2023-yil oktabr oyida Toshkentda Dante Aligyeri jamiyati markazini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rasmiy muloqotlar boshlangan bo‘lsa-da, hozircha yurtimizda CELI va CILS kabi muntazam o‘tkaziladigan PLIDA sessiyalari deyarli yo‘q. Shu sababli o‘zbekistonlik talabalar PLIDAni asosan Italiyada o‘qib yurgan paytlarida yoki qo‘shni xorijiy davlatlardagi markazlarda topshirishadi.

Baholashda nimalar hisobga olinadi: PLIDAda alohida grammatika testi yo‘q! Imtihon faqat 4 ta sof til ko‘nikmasidan iborat: Ascoltare (tinglash), Leggere (o‘qish), Scrivere (yozish) va Parlare (gapirish). Har bir ko‘nikma 30 ballik tizimda baholanadi (jami 120 ball). O‘tish uchun har to‘rttala ko‘nikmadan kamida 18/30 ball (jami kamida 72/120 ball) to‘plash talab etiladi.

Imtihonning qiyinchilik darajasi, o‘tish ehtimoli va qulayliklari: Grammatik qoidalarni yodlashni yoqtirmaydigan, ammo italyan tilida erkin gapirib, matnlarni yaxshi tushunadigan va ravon yozadigan insonlar uchun PLIDA eng oson va yoqimli imtihon hisoblanadi. Chunki unda CILSdagidek murakkab grammatik transformatsiya testlari yo‘q. Agar 4 ta ko‘nikmadan birortasida 18 balldan kam to‘plasangiz, CILS kabi 18 oy ichida faqat o‘sha o‘tolmagan ko‘nikmani qayta topshirish (recupero) imkoniyati bor. Shuningdek, sertifikatlar to‘liq raqamli (digital) formatda dante.global shaxsiy kabinetiga yuklanadi.

Javobi qancha muddatda chiqishi va apellyatsiya tartibi: Standart tartibda javoblar imtihon varaqalari Rimga yetib borgach 60–70 ish kuni (taxminan 3 oy) ichida chiqadi, tezkor tekshiruv (correzione urgente) tanlanganda esa ancha erta — taxminan 30 ish kuni atrofida e’lon qilinadi. PLIDA reglamentiga ko‘ra, natija e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun ichida imtihon markazi orqali natijani qayta tekshirish bo‘yicha murojaat kiritish mumkin.

Mashhurligi va O‘zbekistonda tan olinishi: Italiyaning o‘zida va Yevropada PLIDA juda mashhur bo‘lsa-da, O‘zbekistonda imtihon markazi yo‘qligi sababli CELI va CILSga qaraganda kamroq uchraydi. Ammo huquqiy maqomi jihatidan O‘zbekistonda ham, Italiyada ham CELI va CILS bilan birdek tan olinadi.

5. Sertifikatlarning yutuq va kamchiliklari

Har uchala xalqaro sertifikatni yonma-yon qo‘yib solishtirganimizda, ularning amaliy yutuq va kamchiliklari yaqqol ko‘zga tashlanadi:

Sertifikat

Asosiy yutuqlari (plyuslari)

Asosiy kamchiliklari (minuslari)

CELI (Peruja)

1. Yozma qismdagi (o‘qish, yozish, tinglash) ballar o‘zaro bir-birini to‘ldiradi.
2. Toshkentda (O‘zDJTUda) topshirish imkoni bor.
3. Umrbod amal qiladi.

1. Yozma qismdan yiqilsa, bitta ko‘nikmani emas, butun yozma blokni qayta topshirish kerak.
2. Javobi uzoq (~3 oy) chiqadi.
3. Qayta topshirish muddati 1 yil (CILSda 18 oy).

CILS (Siyena)

1. Faqat yiqilgan bitta bo‘limning o‘zini 18 oy ichida arzon narxda qayta topshirsa bo‘ladi.
2. O‘zbekistonda (Toshkent va Samarqandda) topshirish imkoniyati bor.
3. Grammatikada kuchlilar uchun 3-bo‘limda ball yig‘ish oson.

1. Barcha 5 ta bo‘limning har biridan kamida 11/20 ball olish shart (kompensatsiya yo‘q).
2. Javobi ~3 oyda chiqadi.
3. Ro‘yxatdan o‘tish juda erta (40–45 kun oldin) yopiladi.

PLIDA (Dante Aligyeri)

1. Alohida grammatika bo‘limi yo‘q, faqat 4 ta ko‘nikma tekshiriladi.
2. Yil davomida sessiyalari ko‘p va ro‘yxatdan o‘tish imtihonga yaqin yopiladi.
3. Qo‘shimcha to‘lov bilan javobni tezlashtirish mumkin.

1. O‘zbekistonda doimiy imtihon oladigan markazi yo‘qligi sababli topshirish qiyin.
2. Dante Aligyeri jamiyatiga a’zolik badalini ham to‘lash kerak.
3. Har bir ko‘nikmadan kamida 18/30 ball olish talab etiladi.

 

6. Universitetlar tomonidan tan olinishi

Italiya Oliy ta’lim va tadqiqot vazirligi (MUR) qoidalariga ko‘ra, Italiyadagi davlat va xususiy universitetlarning italyan tilida o‘qitiladigan bakalavriat (Laurea Triennale) hamda magistratura (Laurea Magistrale) yo‘nalishlariga kirish uchun xorijlik abituriyentlardan kamida B2 darajadagi sertifikat (CELI 3, CILS Due-B2 yoki PLIDA B2) talab qilinadi. Agar sizda ushbu uchta sertifikatdan birining B2 darajasi bo‘lsa, universitet qabulidan oldin o‘tkaziladigan italyan tili ichki imtihonidan (prova di conoscenza della lingua italiana) to‘liq ozod qilinasiz.

Agar sizda C1 (CELI 4, CILS Tre-C1, PLIDA C1) yoki C2 (CELI 5, CILS Quattro-C2, PLIDA C2) sertifikati bo‘lsa, imkoniyatlaringiz yanada kengayadi: birinchidan, filologiya, huquqshunoslik, tibbiyot va tarjimashunoslik kabi yuqori til bilimini talab qiluvchi nufuzli yo‘nalishlarga to‘siqsiz hujjat topshirasiz; ikkinchidan, Italiya Tashqi ishlar vazirligining MAECI granti yoki hududiy DSU stipendiyalarini yutishda C1 sertifikati sizga juda katta ustunlik beradi.

7. O‘zbekistonda tan olinishi: Xalqaro sertifikatlar (CELI, CILS, PLIDA) va O‘zbekistondagi Milliy sertifikat — qaysi birini tanlash kerak?

2026-yil 1-sentabrdan boshlab (Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori asosida) O‘zbekistonda italyan tili bo‘yicha ham ko‘p darajali (multi-level: B1, B2, C1) Milliy sertifikat imtihonlari yo‘lga qo‘yildi. Shu sababli hozir ko‘pchilikda «Xalqaro sertifikatga topshiraymi yoki Milliy sertifikatgami?» degan tabiiy savol tug‘ilmoqda. Keling, ularning farqini aniq raqamlar va faktlar bilan ko‘rib chiqamiz:

1. Qayerda o‘tadi (tan olinish doirasi): Milliy sertifikat faqat O‘zbekiston ichida amal qiladi. Ya’ni, O‘zbekistondagi bakalavriatda chet tili blokidan maksimal ball olish, magistratura va doktorantura (PhD)ga hujjat topshirish hamda maktab, litsey va oliygoh o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foizlik ustama olish uchun Milliy sertifikat ham, xalqaro CELI, CILS va PLIDA sertifikatlari ham birdek o‘tadi. Ammo Italiyaga o‘qishga, ishlashga ketish yoki elchixonadan o‘quv vizasini olishda Milliy sertifikat o‘tmaydi — u yerda faqat CELI, CILS yoki PLIDA so‘raladi.

2. Narxi va javob chiqish tezligi: Milliy sertifikatga my.gov.uz portali (559-xizmat) orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tiladi va to‘lovi 594 000 so‘mni tashkil etadi (bu xalqaro sertifikatlardan qariyb 2–3 barobar arzon). Eng katta ustunligi — Milliy sertifikat javobi 3 oy kutilmaydi, bir necha hafta ichida chiqadi va bitta imtihonning o‘zida to‘plagan balingizga qarab B1, B2 yoki C1 daraja beriladi (multilevel). Xalqaro sertifikatlarda esa oldindan qaysi darajaga (masalan, faqat B2 yoki faqat C1) topshirishingizni tanlaysiz; agar C1 ga topshirib ozgina ball yetmay qolsa, sizga B2 berilmaydi.

3. Amal qilish muddati: Milliy sertifikat 2 yil (yoki ustama uchun qonunchilikda belgilangan muddat) amal qiladi, muddati tugagach yana qayta imtihon topshirishga to‘g‘ri keladi. CELI, CILS va PLIDA xalqaro sertifikatlari esa umrbod amal qiladi (O‘zbekistonda ustama va o‘qishga kirishda esa sertifikat olingan sanaga oid mahalliy me’yoriy muddatlar qo‘llanilishi mumkin, lekin Italiya uchun umrbod yaroqli).

Demak, xulosa juda oddiy: agar sizga sertifikat zudlik bilan (1–2 oy ichida) O‘zbekistonda magistratura, doktorantura yoki oylik ustama uchun kerak bo‘lsa — hech ikkilanmay Milliy sertifikatga topshiring. Agar maqsadingiz Italiya universitetlariga grant yutish, Erasmus+ almashinuv dasturlarida qatnashish yoki kelajakda Italiyada ishlash bo‘lsa, imtihondan kamida 5–6 oy oldin harakatni boshlab, CELI yoki CILSga yoziling.

8. Imtihonlarga samarali tayyorlanish uchun maslahatlar

O‘zim ham xalqaro imtihon topshirgan va talabalarni tayyorlab kelayotgan o‘qituvchi sifatida aytishim mumkinki, italyan tilini yaxshi bilishning o‘zi imtihondan yuqori ball olish uchun kamlik qiladi. Imtihonning o‘z «o‘yin qoidalari» bor:

1. Grammatikadagi eng ko‘p tushadigan mavzularni suvdek ichib yuboring: Ayniqsa B2 va C1 darajalarida Congiuntivo (istak mayli), zamonlar moslashuvi (concordanza dei tempi), shart ergash gaplar (periodo ipotetico) hamda fe’llardan keyin qaysi predlog (A yoki DI) kelishi 100 foiz tushadi. inITALIA.uz saytimizda aynan shu mavzularni o‘zbek tilida juda sodda jadvallar bilan tushuntirib qo‘yganmiz — tayyorgarlikni o‘sha sahifalarni takrorlashdan boshlang.

2. Tinglash (Ascolto) qismida so‘zma-so‘z o‘xshashlikka aldanmang: Ko‘p o‘quvchilar audioda eshitgan so‘zini test variantlari orasidan qidiradi. Aslida esa CILS va CELI tuzuvchilari audiodagi gapni testda boshqa sinonim so‘zlar (parafranza) bilan berishadi. Audio qo‘yilishidan oldin savollarni tezda o‘qib, fe’llar va inkor yuklamalar (non, mai, nessuno) tagiga qalam bilan chizib oling.

3. Insho va xat yozishda «qoliplar»dan unumli foydalaning: Yozma qismda (Produzione scritta) so‘zlar soni qat’iy tekshiriladi — belgilangan chegaradan kam ham, haddan tashqari ko‘p ham yozmang. Rasmiy xat (lettera formale) tushganda «Gentile Direttore», «Le scrivo in merito a...», «In attesa di un Suo cortese riscontro, Le porgo distinti saluti» kabi tayyor rasmiy qoliplarni hamda bog‘lovchi so‘zlarni (inoltre, tuttavia, nonostante ciò, pertanto) ishlatish sizga qo‘shimcha ball olib beradi.

4. Javoblarni maxsus varaqqa (Foglio delle risposte) ko‘chirishga vaqt ajrating: Xalqaro imtihonlarda qoralama kitobchaga belgilangan javoblar hisobga olinmaydi — barchasini alohida javoblar varaqasiga ko‘chirish shart. Uy sharoitida o‘tgan yillardagi haqiqiy imtihon variantlarini (Quaderni CILS yoki CELI prova d’esame) telefonda taymer yoqib, xuddi imtihonda o‘tirgandek yechib ko‘ring.

5. Og‘zaki qismda (Prova orale) jimib qolmang: Imtihon oluvchi sizning har bir kichik grammatik xatoyingizni sanab o‘tirmaydi, u sizning muloqotni qanchalik tabiiy ushlab tura olishingizga qaraydi. Agar biror so‘z esingizdan chiqib qolsa, to‘xtab qolmasdan uni boshqa sodda so‘zlar bilan ta’riflab (giri di parole) fikringizni davom ettiring.

Umid qilamanki, ushbu qo‘llanma sizga o‘zingizga mos sertifikatni tanlashda va imtihonga ishonch bilan kirishda yordam beradi. Savollaringiz bo‘lsa, inITALIA.uz saytimizning izohlar bo‘limida yozib qoldiring. Barchangizga imtihonlarda omad — In bocca al lupo!

Foydali havolalar va manbalar

·        Peruja chet elliklar universiteti — CELI rasmiy portali (CVCL): https://cvcl.unistrapg.it/ 

·        CELI imtihon darajalari va namunaviy testlar (A1–C2): https://cvcl.unistrapg.it/pagine/esami-celi-generici 

·        CELI 2026–2027-yillar imtihon jadvali: https://cvcl.unistrapg.it/pagine/calendario-esami-celi-e-dils-pg-000 

·        CELI imtihon to‘lovlari va ro‘yxatdan o‘tish qoidalari: https://cvcl.unistrapg.it/pagina/iscrizioni-esami-perugia 

·        Siyena chet elliklar universiteti — CILS rasmiy portali: https://www.iscrizionicils.unistrasi.it/ 

·        CILS imtihon yo‘riqnomasi (Linee Guida CILS): https://www.unimn.it/images/Servizi/CILS/LINEE_GUIDA.pdf 

·        Dante Aligyeri jamiyati — PLIDA rasmiy sayti: https://plida.dante.global/ 

·        PLIDA imtihon darajalari va tayyorgarlik materiallari: https://plida.dante.global/it/esami-plida 

·        CLIQ — Sifatli italyan tili sertifikati uyushmasi: https://www.associazionecliq.it/ 

·        O‘zbekistonda italyan tili milliy sertifikati haqida ma’lumot (VM 411-son qarori): https://5ball.uz/italyan-tili-sertifikat/ 

💬 0 Izohlar

🤖 7 + 7 =
Hali izohlar yo'q. Fikr bildirib, munozarani boshlab bering! ✨
⬅ Yangiliklar bo'limiga qaytish
☕
Sayt rivojiga hissa qo'shing!
inITALIA.uz loyihasi doimiy ravishda bepul va foydali bo'lib qolishi uchun o'z yordamingizni ayamang. Sizning kichik e'tiboringiz loyiha uchun juda muhim!
💳 Loyihani qo'llab-quvvatlash
Ushbu oyna avtomatik 15 soniyadan so'ng yopiladi