Xalqaro xotin-qizlar kuni haqida bilishingiz kerak bo‘lgan eng muhim jihatlar: ushbu sananing kelib chiqish tarixi, uning asl mohiyati va 8-mart sanasi bilan bog’lanadigan ramziy timsollar haqida gaplashamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar huquqlari kuni shunchaki taqvimdagi sana emas. Bu kun — ayollarning teng huquqlilik yo‘lida asrlar davomida olib borgan mardonavor kurashlari, ijtimoiy va siyosiy maydonlarda qo‘lga kiritgan ulkan g‘alabalari tantanasidir. Shu bilan birga, bu kun bizga bugungi kunda ham ayollar duch kelayotgan tazyiqlar va ularning erkinligini cheklab qo‘yayotgan kamsitishlar haqida jiddiyroq o‘ylashni eslatadi. Bu hali oldinda bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘l qanchalik uzun ekanini anglash uchun ham bir fursatdir.
Italiyada bu kunni shunchaki nishonlamay, balki haqiqiy madaniy hordiq bilan o‘tkazish mumkin. Shu kuni mamlakatdagi barcha davlat muzeylari, arxeologik bog‘lar, qadimiy qasrlar va villalarga ayollar uchun kirish mutlaqo bepul bo’ladi.

Agar o‘sha kuni yo‘lingiz tushib qolsa, mana bu ajoyib maskanlarga albatta kirib o‘tishni tavsiya qilamiz:
- Mantovadagi Gertsoglar saroyi (Palazzo Ducale)
- Pompey arxeologik bog‘i
- Marke viloyatining davlat muzeylari
- Turindagi mashhur Misr muzeyi
- Rimning shahar muzeylari
- Brera pinakotekasi (Milanning san’at durdonasi)
- Tivolidagi betakror Villa d’Este va Villa Adriana
Ayollar bayrami qanday paydo bo‘lgan va nima uchun aynan 8-mart sanasida nishonlanadi? Quyidagi maqolada tarixiy voqealar orqali ushbu muhim sana haqida bilishingiz kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlarni ko‘rib chiqamiz.
An’anaga ko‘ra, Ayollar bayrami ba’zi mamlakatlarda 1908-yildan beri nishonlanib kelinadi. Bu sana o‘sha yilning 8-mart kuni Nyu-Yorkdagi fabrikalarning birida yuz bergan yong‘inda halok bo‘lgan ishchi ayollar xotirasiga bag‘ishlangan deyiladi. Shu bilan birga, tarixiy manbalarda bu yong‘in haqida aniq dalillar saqlanib qolmagan.
1909-yilning 23-fevralida Amerika Sotsialistik partiyasi munosib mehnat sharoiti, yuqori ish haqi hamda saylov huquqini talab qilib bosh ko’targan ishchi ayollarni qo‘llab-quvvatlab, ulkan namoyishga boshchilik qildi. Aynan mana shu tarixiy voqelik "Ayollar kuni"ning kelib chiqishiga va uning bayram sifatida qabul qilinishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Tarixiy manbalar orqali bizgacha yetib kelgan fabrikadagi yong’in voqeasi 1911-yilning 25-martida sodir bo‘lgan hamda uning natijasida yuzdan ortiq ayol va yigirmaga yaqin erkak halok bo‘lgan. Bu Amerika tarixidagi eng mudhish sanoat fojiasi bo‘lib, u norozilik namoyishlarini yanada kuchayishiga sabab bo‘lgan.
Birinchi jahon urushi davrida urushga jalb qilingan davlatlarda Xotin-qizlar kuni nishonlanishi to‘xtab qoldi. Shu sababli, bugungi kunda 8-mart sanasi 1917-yilda Sankt-Peterburg shahrida rus ayollari tomonidan o‘tkazilgan norozilik namoyishi bilan bog‘lanadi. Ular urushni to‘xtatishni talab qilib, ko‘chalarga namoyishga chiqqan edilar.
Italiyada Xotin-qizlar kuni

Italiyada Xotin-qizlar kuni ilk bor 1922-yilda nishonlangan, ammo u 1945-yilda alohida ahamiyat kasb etdi. Aynan o‘sha yili Italiya Ayollar Ittifoqi fashizmdan ozod etilgan hududlarda bu bayramni keng nishonladi.
1977-yilda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi bilan Xalqaro xotin-qizlar huquqlari kuni rasman qabul qilindi. Bu sana bugungi kunda bosib o‘tilgan yo‘lni tahlil qilish va kelajakka global nuqtai nazar bilan qarash uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.
Ayollar bayramida nega mimoza guli sovg‘a qilinadi?
Italiyada Ayollar bayrami munosabati bilan odatda Sariq gulli akatsiyadan kichik guldasta sovg‘a qilish, shuningdek, turli madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish an’anaga aylangan. Bu orqali ayollar erishgan yutuqlar nishonlanadi va kelajakdagi vazifalar haqida fikr yuritiladi.Ko‘pchilik mimoza nega aynan Ayollar bayramining ramzi ekaniga qiziqadi. Buning sababi uchta ayol nomi bilan bog‘liq. 1946-yilda Tereza No‘che, Rita Montanyana va Tereza Matteilar aynan shu gulni bayram ramzi sifatida taklif qilishgan. Mimoza mart oyining boshida gullaydi va ko’rinishidan nozik tuyilsa-da, hatto og‘ir sharoitlarda ham o‘sib, yashnay oladi. Shu bois u ayollar erkinligi va teng huquqlilik uchun kurashni ifodalashga aynan mos keladi. Unchalik ham ramziy ma’noga ega bo’lmasa-da, allaqachon bayramning ajralmas qismiga aylangan yana narsa bu Italiyada bayram kuni tayyorlanadigan ana’naviy shirinlikdir. Shirinlikning nomi “Mimoza” bo’lib, aynan shu gulga o’xshatish uchun mayda bo’laklarga bo’lingan biskvit va krem asosida tayyorlanadi. U 1950-yillarda Latsio viloyatining Rieti shahrida kashf qilingan bo’lib, ishtahaochar ko‘rinishga ega bo'lgan chinakam italyan qandolatchiligi klassikasi sanaladi.
Kecha va bugungi Italiya tarixidagi asosiy rol o’ynagan ayollar timsollarini ko’rib chiqamiz

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan esga olinishi lozim bo‘lgan italyan millatiga mansub ayollar orasida, shubhasiz, Francheska Saverio Kabrini alohida o‘rin tutadi. U Atlantika okeanini 28 marta kesib o‘tgan, hatto And tog‘lariga ham ko‘tarilgan jasur ayol edi. U muhojirlarning homiysi sifatida tanilgan bo‘lib, Iso Muqaddas Yuragi Missionerlari ordeniga asos solgan. Uning sa’y-harakatlari tufayli Amerikada yashayotgan italiyalik muhojirlarga yordam ko‘rsatish maqsadida maktablar, bolalar bog‘chalari, internatlar, yetimxonalar va shifoxonalar barpo etildi. 1946-yilda u avliyo deb e’lon qilingan birinchi AQSh fuqarosi bo‘ldi.
Xotin-qizlar bayrami jamiyat taraqqqiyotiga hissa qo’shgan ko’plab ayollarni e’zozlash uchun yana bir ajoyib fursatdir. Masalan, 1926-yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk italiyalik ayol Gratsiya Deleddani yodga olaylik. Yoki 1986-yilda tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Rita Levi Montalchini, butun dunyoga mashhur astrofizik va ilm-fan targ‘ibotchisi Margarita Hacklar ham shular jumlasidandir.
βShuningdek, 1977-yilda “Pasqualino Settebellezze” filmi uchun “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida Oskar mukofotiga nomzodi qo‘yilgan birinchi ayol, keyinchalik esa 2020-yilda ushbu mukofotni “Kinematografiyadagi ulkan xizmatlari uchun” (Honorary Award) qo‘lga kiritgan Lina Vertmullerni ham unutmaslik lozim. Bular bor-yo‘g‘i bir nechta misollar xolos.
Shu bilan birga, 1979-yildan 1992-yilga qadar Deputatlar palatasining birinchi ayol raisi sifatida faoliyat yuritgan Nilde Iotti hamda 1976-yilda Italiya tarixidagi ilk ayol vazir bo‘lgan Tina Anselmining nomlarini ham alohida ehtirom bilan tilga olamiz.
βBiroq, 8-mart bayrami nafaqat kitoblarga muhrlangan yoki ommaviy axborot vositalarida mashhur bo‘lgan shaxslarga, balki barcha ayollarga bag‘ishlanadi. Ismlari vaqt o‘tishi bilan unutilgan bo‘lsa-da, o‘z jasorati va fidoyiligi bilan bugungi ayollarning yanada erkinroq yashashi, madaniyat g‘alabalariga erishishi uchun yo‘l ochib bergan barcha ayollarni Xotin-qizlar xalqaro bayramida e’zozlab ardoqlanadi.
Italyan tilidan (asl matn) tarjima qilgan TITA-2316 guruh talabalari:
- NURMATOVA MUSLIMAXON
- NURMUXAMEDOVA ZEBINISO
- O‘RINBOYEVA LOLAXON
- SHERMATOVA SEVINCH
- XASANBOYEVA SHAXRIZODA
- XOLMIRZAYEVA SEVINCH