Xoh u o‘z jilolari bilan hamohang bo‘lsin, xoh tilla va kumush ranglar bilan uyg‘unlashsin, u hamisha bayram dasturxonining fayzi va qiyofamiz ko‘rkidir. Garchi mitti bir bezak sifatida ko‘zga tashlansa-da, Yangi yilda qizil rangga burkanish baxt va omad keltiradi degan ishonch bor. Albatta, bu Italiya Yangi yil an'analarining bir qatrasi, xolos.
Shimoldan to janubgacha bo’lgan hududlarga xos urf-odatlar, irim-sirimlar va dasturxondagi lazzatli taomlar bilan yangi yilni chinakam italyancha ruhda kutib olish uchun bilishimiz kerak bo'lgan barcha sir-asrorlar bilan tanishib chiqamiz
Yangi yilda qizil rang tanlash an'anasining ildizlari

Yangi yil oqshomida qizil libos kiyish odati o‘zining juda qadimiy va boy tarixiga ega. Uning ildizlari eramizdan avvalgi 31-yilga — imperator Oktavian Avgust hukmronlik qilgan davrlarga borib taqaladi. O‘sha olis zamonlarda, qadimiy Rim Yangi yilini nishonlash paytida erkaklar ham, ayollar ham to‘kin-sochinlik, qut-baraka va farovonlik ramzi sifatida aynan qizil liboslar kiyishga odatlanishgan.
Yillar o'tishi bilan bu udum ichki liboslar bilan chambarchas bog lanib, o'ziga xos an'anaga aylandi. Tarixga nazar tashlasak, O'rta asrlarda odamlar yomon ko'z, balo-qazo va omadsizlikdan saqlanish maqsadida badanlarining chov qismlarini qizil mato bilan yopib yurishgan. Bugungi kunda ham aynan shu alvon rangdagi kiyimlar bayram shukuhi hukmron kunlarda urfga aylanadi, biroq har kim bu an'anani o'z dunyogarashidan kelib chiqib turlicha talqin qiladi.

Ayrimlarning ishonchiga ko‘ra, libosni dastlab teskari kiyib olib, soat tungi o‘n ikkiga bong urgachgina o‘ngiga o‘girib kiyish lozim. Ta’kidlanishicha, bu g‘ayrioddiy harakat inson hayotiga ezgulik va ijobiy energiyani jalb qilar ekan. Shuningdek, Yangi yilni qaysi libosda kutib olgan bo‘lsa, tong otishi bilan uni hech ikkilanmay tashlab yuborish kerak, deb hisoblovchilar ham topiladi. Buning zamirida eskilikdan voz kechib, yangilanish va yangi hayotga yo‘l ochish kabi barchaga ayon bo‘lgan ma’no yotadi. Xullas, ko‘ngildagi shubhalarni aritish hamda kirib kelayotgan yilni omadli boshlash uchun ushbu qadimiy an’anaga amal qilish, ramziy ma’noda unga hurmat bajo keltirish maqsadga muvofiqdir.
Yangi yilning omad keltiruvchi urf odatlari
Eski narsalarni, hech bo'lmaganda ularning ba'zilarini, hatto ramziy ma'noda bo'lsa ham, tashlab yuborish Italiya yangi yilining yana bir an'anasi hisoblanadi. Bu - o'tmishdan voz kechishni anglatuvchi bir ramzdir. Qadimda bu marosim derazadan eski buyumlarni uloqtirish orqali amalga oshirilgan. Bu odat asosan janubiy hududlarda keng tarqalgan, ammo bugungi kunda xavfli bo'lgani uchun deyarli qo'llanilmaydi: yolg'iz va chekka joyda yashamasangiz, buni qilmaslik kerak. Bugungi kunda Italiyaning ko'plab shaharlarida ta'qiqlangan bo'lsa-da, paqildoqlar va mushakbozliklar mohiyatan aynan o'sha ma'noni anglatadi: Yangi yil an'analarining zamirida har doim yangilikni qarshi olish, ijobiy quvvatni o'ziga chorlash va barcha yomonliklarni haydash istagi mujassamdir. Buni hatto kuchli shovqin-suron bilan bo'lsa ham amalga oshirishadi.
Kotekino va yasmiq — omad keltiruvchi uyg‘unlik
Gastronomiya sohasida so'zsiz ustunlikka ega bo'lgan mamlakatda, albatta, bayram dasturxoni an'analari ham chetda qolmaydi. 31-dekabr oqshomida kotekino va zampone (cho'chqa poychasiga qiyma tiqib tayyorlanadigan taom) kabi tansiq taomlar fayzli dasturxonning ko‘rkiga aylanuvchi chinakam shohona va voz kechib bo‘lmas yeguliklardir.
Kotekino — aslida Shimoliy Italiyaga xos bo‘lgan milliy taom (xususan, Modena shahrida tayyorlanadigan turi xalqaro e'tirofga, ya'ni IGP — himoyalangan geografik nom maqomiga ega). Biroq bugungi kunga kelib, ayniqsa, bayram shukuhi kezib yurgan damlarda uni butun mamlakat bo‘ylab sevib iste'mol qilishadi.

Uni aynan Yangi yil kirib kelayotgan tunda tanovul qilish an'anasi taomning o‘ziga xos tabiati va ramziy ma'nosi bilan chambarchas bog‘liq. Bu — cho‘chqa go‘shtidan tayyorlanadigan maxsus yog‘li va sersuv kolbasa turi bo‘lib, italyan xalqining qadimiy e'tiqodiga ko‘ra, u to‘kin-sochinlik, serfarzandlik va bitmas-tuganmas ruhiy quvvat ramzi hisoblanadi. Shu bois ham ushbu lazzatli ne'mat tortilgan xonadonga yil bo‘yi qut-baraka inadi va ezguliklar hamroh bo‘ladi, deya niyat qilinadi. Bu taom odatda yasmiq bilan birga tortiladi. Yasmiq esa albatta bo‘lishi kerak, chunki u qadimdan omad va baraka ramzi hisoblanadi. Ba’zi oilalarda uni aynan yarim tunda yeyish odat tusiga kirgan bo‘lsa, boshqalarda u shunchaki garnir sifatida dasturxonga qo‘yiladi. Xo‘sh, nega aynan yasmiq omad keltiradi? Bu an’ana qadimgi rimliklardan meros. Ular yil oxirida bir-birlariga ichiga yasmiq solingan charm xaltachalar sovg‘a qilishgan va bu yasmiqlar kelajakda tangalarga aylansin degan ezgu tilakni bildirishgan. Shu bois, yasmiq yangi yilning ilk kunida baraka va omad timsoli sifatida iste’mol qilinadi.
Muqaddaslik va dunyoviylik orasidagi
Faqatgina yasmiq yeyish boylik olib keladi deb o‘ylash noto‘g‘ri. Italiyaliklarning Yangi yil dasturxonidagi omad keltiruvchi urf-odatlariga sanash mumkin bo‘lgan barcha narsalar kiradi. Yasmiqdan tashqari, anor yeyish odati ham bor. Ehtimol, bu anor donalarining ko‘pligi yoki qizil rangining ramziy ma’nosi bilan izohlanadi.
Qadim zamonlarda esa anor boylik, omad va unumdorlik timsoli bo‘lgan muqaddas o‘simlik sifatida e’zozlangan. Bu haqida hatto Muqaddas Bibliyada ham so‘z yuritilib unda anor Misrdan chiqib ketgan insonlarga va’da qilingan diyorda topgan ne’matlaridan biri sifatida tilga olinadi. U, shuningdek, Iso Masihning iztiroblari bilan bog‘liq diniy ramz hamdir.
E’tibor qilsak anor Xudoning inomi hisoblanganligi uchun ko‘plab diniy mavzudagi asarlarda ham uchraydi. Agar siz mehmondorchilikka o'zgacha sovgʻa bilan borishni istasangiz, anor ko'chatidanda yaxshiroq hadya bo‘lmasa kerak.
Neapolda Yangi yil oqshomi: 12 dona uzum an'anasi
Mahalliy urf-odatlar bilan chambarchas bog‘lanib ketgan yana bir ajoyib odat - tunda soat o‘n ikkiga bong urgan o‘sha sehrli lahzalarda, xuddi yilning o‘n ikki oyi ramzi sifatida roppa-rosa o‘n ikki dona uzum tanovul qilinadi.
Aslida bu qadimiy ispan udumi bo‘lib, qadimiy Ispaniya hukmronligi yillarida u Neapol va Italiyaning boshqa janubiy o‘lkalariga kirib kelgan va osongina tomir otib, xalq orasida keng ommalashib ketgan.
Xuddi yasmiq donalari va anor singari, uzum ham insonlarga to‘kin-sochinlik, boylik va farovonlik tilash ramzi sanaladi. Nega deysizmi? Chunki uzum donalarini ham xuddi tanga chaqalar kabi bittalab sanash mumkin, bu o‘xshashlik esa o‘z-o‘zidan xonadonga qut-baraka va davlat chaqirishni anglatadi.
Italyan tilidan (asl matn) tarjima qilgan TITA-2316 guruh talabalari:
- Allamuradova Dildora
- Erkinova Sevinch
- Maxammadyaminova Zuxra
- O‘rinboyeva Lola
- Qambarova Nigina
- Baxtiyorova Muslima
- Imamnazarova Shaxnoza