⬅ Maqola: Bayramlar bo'limiga qaytish

Rimning tug‘ilgan kuni nega 21-aprel kuni nishonlanadi — tarix va afsona orasidagi hikoya

Rasm

Har yili 21-aprel kuni nishonlanadigan bu sana Abadiy shaharning paydo bo‘lishi bilan bog’liq. Qadimgi rimlik olim Markus Terentius Varro (miloddan avvalgi I asr)ga ko‘ra, Rim shahriga Romulus tomonidan miloddan avvalgi 753-yil 21-aprel kuni asos solingan. Arxeologlar bu fikrga to‘liq qo‘shilmasalar ham, Rim shahrida aynan shu sana har yili turli tadbirlar va tarixiy sahnalashtirishlar bilan tantanali ravishda nishonlanadi. Bu sana ortida mashhur afsonalar yashiringan: Romulus va Remus haqidagi rivoyat, ularni emizgan bo‘ri, Palatine Hill tepaligida chizilgan muqaddas chegara va nihoyat aka-uka o‘rtasidagi fojeali voqea — birodar qotilligi. 21-aprel sanasi Rimning tug‘ilgan kuni ortida mana shunday tarix va afsonalar yashiringan.

Varroning «Rim kuni»

Rimning tashkil topgan sanasini birinchi bo‘lib yozma ravishda qayd etgan shaxs — rimlik olim Markus Terentius Varro edi. U o‘z hisob-kitoblarini boshqa bir olim — Luchius Tarutius Firmanus tadqiqotlariga asoslab, Rim shahriga Romulus tomonidan miloddan avvalgi 753-yil 21-aprel kuni asos solingan degan xulosaga keladi. Bu sana “dies romana” — ya’ni Rimning tug‘ilgan kuni deb atalgan. Varroning bu hisob-kitobi tez orada keng tarqaldi va bir necha o‘n yillardan so‘ng rasmiy tarzda qabul qilindi. Shundan keyin rimliklar yillarni faqat o‘sha davrdagi konsullar nomi bilan emas, balki “ab urbe condita” — ya’ni “shahar tashkil topganidan boshlab” deb hisoblay boshladilar.

Shu sababli miloddan avvalgi 753-yil 1-yil a.u.c. (ab urbe condita) deb qabul qilindi. Masalan, 2025-yil 21-aprel kuni Rimning 2778 yilligi nishonlangan.

Romolo va Remo haqidagi afsona

Ammo bu sana ortida tarixiy jihatdan aniq tasdiqlangan voqealardan ko‘ra ko‘proq afsonalar yashiringan. Eng mashhur rivoyat esa Rim asoschilari hisoblangan egizak aka-uka — Romulus va Remus haqida hikoya qiladi.

Afsonaga ko‘ra, ular Rhea Silviadan tug‘ilgan. U Aeneas avlodidan bo‘lib, Alba Longa shohlaridan biri — Numitorning qizi edi. Rivoyatga ko‘ra, urush xudosi Mars zo‘ravonlik bilan uni o‘ziga bo‘ysundiradi va shu munosabatdan egizak farzandlar — Romulus va Remus tug‘iladi.

O‘sha paytda Amulius Numitorning taxtini egallab olgan edi. Hokimiyatini saqlab qolish uchun u kelajakda taxtga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan barcha merosxo‘rlarni yo‘q qilishni buyuradi. Shu sababli egizak chaqaloqlarni ham o‘ldirish buyuriladi. Ammo bu buyruqni bajarishga yuborilgan xizmatkor yangi tug‘ilgan go‘daklarni o‘ldirishga jur’at eta olmaydi. Ularni savatga solib, Tiber River suviga tashlab yuboradi va taqdir hukmiga topshiradi. Savat daryo bo‘yiga kelib qolganida, egizaklarni bir bo‘ri topadi. U ularni qutqarib, o‘z bolalaridek emizadi. Rivoyatga ko‘ra, bu voqea bir g‘or ichida sodir bo‘lgan; u g‘or Luperkal deb ataladi. Keyinchalik egizaklar o‘limdan omon qolib, cho‘pon Faustulus tomonidan topiladi. U ularni Palatine Hill tepaligida o‘z rafiqasi Akka Larentia bilan birga tarbiyalaydi. Qiziqarli tomoni shundaki, ayrim talqinlarga ko‘ra, Akka Larentia aslida “lupa” deb atalgan. Lotin tilida “lupa” so‘zi nafaqat bo‘ri, balki fohisha ma’nosini ham anglatadi. Shu sababli ba’zi tarixchilar bo‘ri haqidagi rivoyat aslida ramziy ma’no kasb etgan bo‘lishi mumkinligini ham aytishadi.

Palatino tepaligidagi voqea

Yillar o‘tib, egizaklar ulg‘ayib voyaga yetadilar. Miloddan avvalgi 753-yilda ular nihoyat Amuliusni o’ldirib qasos oladilar, Alba Longa taxtini yana haqiqiy egasi — Numitorga qaytaradilar. Shundan so‘ng ular o‘zlari ulg‘aygan joyda yangi shahar qurishga qaror qiladilar. Ammo muammo shundaki, har ikkisi ham hokimiyatni qo‘lga olishni xohlardi. Shu sababli ular qarorni xudolarning irodasiga topshirishga kelishishadi. Ikki aka-uka bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki tepalikka chiqib, alomat kutadi: Romulus — Palatine Hill tepaligida, Remus esa Aventine Hill tepaligida turib osmonga qaraydi. Birinchi bo‘lib Remo oltita kalxatni ko‘radi, biroq birozdan keyin Romolo o‘n ikkita kalxatni ko‘radi. Bu alomat xudolar Romoloni tanlaganini bildiradi. Shundan so‘ng Romolo Palatino tepaligida yangi shahar — Rimga asos soladi. U shahar devorlarining muqaddas chegarasini chizib, kim bu chegarani uning irodasiga qarshi buzib o‘tsa, o‘limga hukm qilinadi deb qasam ichadi. Ammo Remo bu qarorni tan olmaydi. U akasini masxara qilgandek, chizilgan devor chegarasidan sakrab o’tadi. Shunda Romolo qasamini bajaradi  va o‘z ukasini o‘ldiradi. Shu tariqa Rim tarixidagi eng mashhur va fojeali voqea — aka-uka qotilligi sodir bo’ladi. Qolgan voqealar esa, aytish mumkinki, allaqachon tarixga aylangan.

Tarixchilar talqini

Biroq tarixchilar va arxeologlar bu afsonaga to‘liq qo‘shila olmaydilar. Ularning fikricha, Roma paydo bo‘lgan hudud miloddan avvalgi 753-yildan ancha oldin ham odamlar tomonidan foydalanilgan. Arxeologik dalillarga ko‘ra, bu yer qadimdan savdo faoliyati uchun muhim hudud bo‘lgan. Bu joy juda qulay strategik hudud edi. Chunki u dengizga yaqin bo‘lgan va shu bilan birga savdo uchun juda muhim bo‘lgan Tiber kabi suzishga yaroqli daryoga ega edi. Ayniqsa o‘sha davrda tuz va chorva mollari eng muhim savdo mahsulotlaridan hisoblangan va aynan shu hudud ular savdosi uchun qulay markaz bo‘lgan. Bundan tashqari, hududdagi tepaliklar ham katta ahamiyatga ega edi. Ular dushman hujumlariga qarshi samarali mudofaa qilish imkonini berardi. Shu sababli arxeologlar miloddan avvalgi II ming yillikning oxirlarida bu hududda dastlabki aholi manzilgohlari mavjud bo‘lganini taxmin qilishadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Rim aslida bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lmagan. Aksincha, turli tepaliklarda barpo etilgan kichik qishloq va manzilgohlarning asta-sekin birlashib borishi natijasida shakllangan. Shu bilan birga, afsona bilan qisman mos keladigan ayrim faktlar ham bor. Masalan, shaharni o‘rab turgan ilk mudofaa devori haqiqatan ham miloddan avvalgi VIII asrda qurilgan. Aynan shu davrda Palatine Hill tepaligida ham yangi manzilgoh paydo bo‘lgani arxeologik jihatdan tasdiqlangan.

21-aprel bayrami

21-aprel sanasining o‘zi ham ko‘proq qadimgi butparast an’analar bilan bog‘liq tasodiflarga ega. Masalan, bu kun juda qadimiy cho‘ponlar bayrami bilan mos keladi. Miloddan avvalgi 753-yildan ham oldin 21-aprel kuni Parilia (yoki Palilia) deb atalgan bayram nishonlangan. Bu bayram chorvadorlar va chorva mollari homiysi hisoblangan qishloq ilohasi Pales sharafiga o‘tkazilgan. Rimning tashkil topgan yili masalasiga eng katta ahamiyatni esa imperiya davrining siyosiy targ‘iboti bergan. Aynan shu sababli bu sana asta-sekin muhim ramziy kun sifatida mustahkamlangan. Rimning tug‘ilgan kunini bayram sifatida nishonlash an’anasini esa Klaudius boshlab bergan. U milodiy 47-yilda, ya’ni Rimning taxminiy tashkil topganidan 800 yil o‘tib, birinchi marta bu yubileyni tantanali ravishda nishonlatgan. Shundan buyon, turli davrlarda turlicha ko‘rinishda bo‘lsa ham, Natale di Roma Rim shahrini, uning kelib chiqishini, boy tarixini va albatta uning afsonalarini yodga olish uchun nishonlanadigan muhim kun bo‘lib kelmoqda.

Kapitoliy va Massimo sirkidagi bayram

Bu yil Romaning 2778 yilligi nishonlanmoqda. Bayram Kapitoliyda “La Festa di Roma” nomi bilan o‘tkaziladi. Shu kuni Kapitoliy tepaligi katta ochiq osmon ostidagi sahnaga aylanadi: bu yerda tomoshalar, konsertlar, ma’ruzalar, turli chiqishlar, bolalar uchun faoliyatlar va yana ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Soat 15:00 dan 22:00 gacha bepul madaniy va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etiladi: konsertlar, raqs chiqishlari, she’riy va teatr performanslari, Rim tarixi haqida ma’ruzalar, ko‘cha san’ati hamda bolalar uchun o‘yin va mashg‘ulotlar. Bayramning maxsus mehmoni — rimlik folk-rok guruhi Il Muro del Canto bo‘lib, ular soat 20:45 da Kapitoliy maydonida konsert berib bayramni yakunlaydi. Ertalab esa Massimo siri va Fori Imperiali hududlarida Gruppo Storico Romano tomonidan qadimgi Rim hayotiga bag‘ishlangan tarixiy sahnalashtirishlar o‘tkaziladi. Dasturda qadimgi marosimlar va bayramlarning tasviri, gladiator janglari va tarixiy rekonstruksiyalar bo‘ladi. Tadbirlarning eng muhim qismi — soat 11:00 dan boshlanadigan tarixiy yurish bo‘lib, unda 13 ta davlatdan kelgan 1500 nafar ishtirokchi qadimgi rimliklar kiyimida qatnashadi va bu tomosha orqali odamlar o‘zlarini go‘yo qadimgi rimliklardek his qilishlari mumkin.

Bayram tadbirlari 

Mana shu betakror ayyomni haqiqiy rimliklardek his qilish va yilning ushbu noyob pallasidan chinakamiga zavqlanish uchun 7 ta tavsiya:

  1. Circo Massimo (Katta sirk)da butun kunni o'tkazish: Bu yerda turli tomoshalar bir-biriga ulanib ketadi va qadimgi Rim hamda barbarlar qarorgohlarini aks ettiruvchi maxsus qishloq barpo etiladi.
  2. Circo Massimoning ma'rifiy hududiga tashrif buyurish: U yerda qadimgi Rim davridagi oshxona madaniyati, din va boshqa ko'plab qiziqarli mavzulardagi ko‘rgazma va konferensiyalar o'tkaziladi.
  3. Gladiatorlar jangini tomosha qilish: Circo Massimoda haqiqiy gladiatorlar jangi qanday bo‘lganini o‘z ko‘zingiz bilan yaqindan ko‘ring.
  4. Hashamatli tarixiy paradda qatnashish: Yakshanba kuni Circo Massimodan boshlanib, Kolizey va Rim forumlari orqali Venetsiya maydonigacha (Piazza Venezia) davom etadigan kortejni kuzating. Agar eng yaxshi kuzatuv nuqtasini izlayotgan bo‘lsangiz, Kolizey atrofidagi pana joylarni tanlashni maslahat beramiz.
  5. Panteondagi yorug‘lik mo‘jizasiga guvoh bo‘lish: Har yili 21-aprel kuni roppa-rosa soat 12:00 da o'tkazib yuborib bo'lmaydigan haqiqiy mo‘jiza takrorlanadi. Faqatgina shu kuni gumbaz darchasidan tushadigan yorug‘lik nuri mukammal geometriya bo‘ylab ichkariga kirib, kirish qismidagi bronza eshikni yoritadi: bu juda hayratlanarli manzara. Ushbu "mo'jiza" Avgustning xohishiga ko'ra Agrippa tomonidan ataylab loyihalashtirilgan. Imperator shahar tug'ilgan kunida kirib kelayotganda shu nur ostida qolishni va shunday qilib o'z nuri bilan porlashni orzu qilgan.
  6. Trastevere tor ko'chalarini kashf qilish: Bu kunlarda ushbu ko'chalardan o'zgacha bir ifor taraladi. Rimda taomlar doim juda mazzali bo'lgan, shaharning tug'ilgan kunida esa an'anaviy pazandachilik namunalari yanada ko'payadi. Trattoriya (milliy taomlar oshxonasi) stoliga o'tiring va amatriciana, carbonara, cacio e pepedan tortib, rimcha gnocchi va saltimboccagacha bo'lgan odatiy taomlardan bahramand bo'ling. Har qanday haqiqiy tug'ilgan kunda bo'lgani kabi, shirinliklar ham esdan chiqmasligi kerak. Qaymoqli maritozzo yoki Rim qasrlari hududining rikotta va olcha ta'mli muzqaymog'ini tatib ko'ring.
  7. Tibr daryosi bo'ylab sayr qilish: Daryo Rim tarixi va uning tashkil etilishi bilan chambarchas bog'liq. Har 21-aprel kuni rimliklar uning qirg'oqlari bo'ylab sayr qilishadi: siz ham ulardek yo'l tuting, eng go'zal joylarni aylanib, Tiberina oroligacha boring. Buni quyosh botadigan "oltin soatlar"da qiling va suv chayqalishidan zavqlanib, qayiqda aperitiv (yengil tamaddi) iching. Bu paytda iqlim mo''tadil, kunlar uzun va Rim bahori yoqimli bo'ladi.

Italyan tilidan (1, 2) talabalar tomonidan tarjima qilingan. 

💬 0 Izohlar

🤖 4 + 5 =
Hali izohlar yo'q. Fikr bildirib, munozarani boshlab bering! ✨
⬅ Maqola: Bayramlar bo'limiga qaytish
Sayt rivojiga hissa qo'shing!
inITALIA.uz loyihasi doimiy ravishda bepul va foydali bo'lib qolishi uchun o'z yordamingizni ayamang. Sizning kichik e'tiboringiz loyiha uchun juda muhim!
💳 Loyihani qo'llab-quvvatlash
Ushbu oyna avtomatik 15 soniyadan so'ng yopiladi