β¬… Maqola: Bayramlar bo'limiga qaytish

Epifaniya bayrami

Rasm

Yanvar oyi boshida Italiyaga yoki boshqa Yevropa mamlakatlariga tashrif buyurganlar uchun bayramlar Yangi yil bilan yakunlanmaydi. 6-yanvar kuni xristian olamida qishki bayramlar mavsumiga rasman nuqta qo'yuvchi muhim sana – Epifaniya nishonlanadi. Bu kun o'zida ham diniy e'tiqodni, ham boy xalq folklorini mujassam etgan.

Epifaniya nima va u qanday paydo bo'lgan?

"Epifaniya" so'zi yunoncha epiphaneia so'zidan olingan bo'lib, "namoyon bo'lish" yoki "paydo bo'lish" degan ma'noni anglatadi. Ushbu bayram IV asrda, Rojdestvo (25-dekabr) bayramidan roppa-rosa 12 kun o'tib nishonlanishi belgilangan. Tarixchilarning fikricha, bu 12 kunlik farq bejiz tanlanmagan: u qadimgi Rimdagi unumdorlik va qayta tug'ilish ma'budasi Diana bilan bog'liq butparastlik marosimlarini xristianlik an'analariga moslashtirish maqsadida joriy qilingan bo'lishi mumkin.

Turli xristian oqimlarida bayramning ma'nosi:

  • G'arbiy xristianlikda (katoliklar): Bu kun Sharqdan kelgan uchta donishmandning (Magi) yulduzga ergashib Baytullahmgacha (Vefleem) borishgani, chaqaloq Isoni ziyorat qilgani va unga oltin, tutatqi  hamda miro (xristian marosimlarida ishlatiladigan xushbo'y moy) sovg'a qilgani xotirasiga nishonlanadi. Bu sovg'alar ramziy ma'noga ega bo'lib, oltin – shohlikni, tutatqi – ilohiylikni, miro esa kelajakdagi azob-uqubatlarni bildirgan. E'tiborlisi shundaki, Injilda donishmandlarning ismlari yoki qirol ekanligi aytilmagan bo'lsa-da, ular xalq orasida "Uch qirol" deb ataladi. Ularning yahudiy bo'lmagani esa Isoning barcha millatlar uchun kelganini anglatadi.

  • Sharqiy xristianlikda (pravoslavlar): Yulian taqvimi bo'yicha 19-yanvarda nishonlanadigan bu bayramda asosiy e'tibor Isoning Iordan daryosida Yahyo payg'ambar tomonidan cho'qintirilishiga qaratiladi. Ushbu kunda daryo va ko'llarda suvni muqaddaslashtirish marosimlari o'tkaziladi.

Italiya xalqining sevimlisi: Befana afsonasi

Agar Ispaniyada bolalarga sovg'alarni o'sha uchta donishmand (qirol) olib kelsa, Italiyada Epifaniyaning o'ziga xos timsoli bor – bu Befana. "Befana" so'zining o'zi aynan "Epifaniya" so'zining xalq tilida o'zgarishidan kelib chiqqan bo'lib, uning ildizlari nasroniylikdan avvalgi davrlarga borib taqaladi.

Afsonaga ko'ra, uch donishmand Isoni izlab ketayotganda bir qari kampir – Befanani o'zlari bilan yurishga taklif qilishadi. Kampir dastlab rad etadi, biroq keyinroq qaroridan afsuslanib, chaqaloqqa sovg'alar olgancha ularning ortidan yo'lga chiqadi. Isoni topa olmagach, u aylanib yurib, yo'lida uchragan barcha bolalarga sovg'a ulasha boshlaydi.

Shu sababli, Italiyada 5-yanvardan 6-yanvarga o'tar kechasi bolalar kamin yoki krovatlari yoniga bo'sh paypoqlarini osib qo'yishadi:

  • Yaxshi xulqli bolalar uchun eski supurgida uchuvchi Befana shirinliklar va o'yinchoqlar tashlab ketadi.

  • To'polonchilar esa paypoqlarida ko'mir (hozirgi kunda bu ko'pincha ko'mir ko'rinishidagi qora shirinlik bo'ladi) topishadi.

Qanday nishonlanadi?

Italiyada Epifaniya davlat bayrami va rasmiy dam olish kuni hisoblanadi. Ushbu kunda mamlakat bo'ylab turli tadbirlar o'tkaziladi:

  • Tarixiy paradlar: Rimda Vatikan va Navona maydoni oralig'ida Injil qahramonlari va donishmandlar libosini kiygan odamlar ishtirokida katta namoyishlar o'tkaziladi.

  • Yarmarkalar: Shahar maydonlari, xususan, Rimdagi Navona maydoni o'yinchoqlar, shirinliklar va bayramona pishiriqlar sotiladigan gavjum bozorga aylanadi.

  • Pazandachilik an'analari: Oilalar bayram dasturxoni atrofida jamlanadi. Ko'pgina mintaqalarda ichiga kichik syurpriz yashirilgan maxsus bayramona piroglar pishirish odati bor.

Sayyohlar uchun tavsiya: Agar siz 6-yanvar kuni Italiyada bo'lsangiz, rasmiy dam olish kuni bo'lgani uchun ba'zi do'konlar yopiq bo'lishini hisobga oling. Ammo yirik sayyohlik maskanlari ochiq qoladi va ko'chalardagi ajoyib bayram shukuhi har qanday noqulaylikning o'rnini qoplaydi. Restoranlarga borishni istasangiz, joyni oldindan band qilib qo'yganingiz ma'qul.

Xulosa qilib aytganda, Epifaniya o'zida din, afsona va bayramona kayfiyatni ajoyib tarzda birlashtirgan, italiyaliklarning mehmondo'stligi va iliqligini his qilish uchun eng yaxshi imkoniyatlardan biridir.

Italyan tilidan (123) tarjima qilgan TITA-2316 guruh talabalari:

πŸ’¬ 0 Izohlar

πŸ€– 7 + 7 =
Hali izohlar yo'q. Fikr bildirib, munozarani boshlab bering! ✨
β¬… Maqola: Bayramlar bo'limiga qaytish
β˜•
Sayt rivojiga hissa qo'shing!
inITALIA.uz loyihasi doimiy ravishda bepul va foydali bo'lib qolishi uchun o'z yordamingizni ayamang. Sizning kichik e'tiboringiz loyiha uchun juda muhim!
πŸ’³ Loyihani qo'llab-quvvatlash
Ushbu oyna avtomatik 15 soniyadan so'ng yopiladi