Shrift o'lchami: A A
Sayt ranggi: A A A A

ITALYAN OSHXONASI


Italyan oshxonasi – bu Italiyaning an’anaviy oshxonasi bo’lib, dunyoga o’zining pitsa va spaghetti kabi taomlari bilan ma’lum va mashxurdir. Italyan oshxonasi asosida rimliklar, yunonlar, langobardlar, arablar va qachonlardir Italiyada yashagan boshqa xalqlarning madaniy ta’siri ostida tarixan shakllangan ko’p asrlik an’analari yotadi.

Italyan oshxonasiga xos mahsulotlar

Italyan oshxonasi, asosan, O’rtayer dengizi hududiga xos bo’lgan mahsulotlar bilan xarakterlanadi va shu orqali italyan oshxonasining boshqa millat oshxonalaridan farqlaydi. Italyan oshxonasida ishlatiladigan mahsulotlar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • Sabzavotlar (pomidor, baqlajon, tsukkini boyimjoni, latuk-salati, qalampir)
  • Bug’doy uni (makaron mahsulotlari)
  • Pishloq (parmesan, gorgonzola, motsarella, pekirino, mascarpone, ricotta)
  • Zaytun va uning yog’i
  • Ziravorlar (rayhon, sarimsoq piyoz, rozmarin, peperoni, qalampir, oregano)
  • Baliq va dengiz mahsulotlari
  • Guruch
  • Go’sht mahsulotlari
  • Dukkakli mahsulotlar (loviya, yasmiq)
  • Mevalar (limon, apelsin, shaftoli)
  • Bodom
  • Oq qo’ziqorinlar
  • Vino, italyan likyori, grappa

Mashxur taom va ichimliklar
Taomlar

  • Spagetti, kannelloni va boshqa turli tuman makaron mahsulotlari. Ular italyan tilida (ingliz va boshqa tillarda ham) umumlashgan holda “pasta” deb ataladi va doimo an’anaviy souslarning biri yordamida tortiladi. Eng mashxur va oddiy taomlar orasida quyidagilar mavjud: Spaghetti Napoli (neapol lag’moni) – tomat sousi bilan, Spaghetti Bolognese – tomat sousi va qiyma bilan, Pasta alla carbonara (Karbonara makaroni) – guanchalening (cho’chqa yuzining pishloqqa surlangani) kichik bo’lakchalari bo’lgan, tuxum sousiga, parmesan va pekirino romano pishlog’iga, tuz va qora murchga aralashgan lag’mon, Spaghetti Aglio e Olio (sarimsoq va yog’li lag’mon) – zaytun yog’li va yengil qovurilgan sarimsoq piyozli o’ziga xos lag’mon.

  • Pitsa – butun dunyoga mashxur va har yerda tayyorlanadigan taom. Italyan pitsalarining klassik namoyondalari etib quyidagilarni ajratsak bo’ladi: Margarita (italyan bayrog’I rangidagi mahsulotlar: motsarella – oq, tomat sousi – qizil, rayhon – yashil (Italiyada faqat yashil rangli rayhon bor) yordamida tayyorlanadi), Capricciosa, Diavola, Marinara, Nduja, Ortolana, Tirolese, Valdostana, Quattro formaggio (to’rt pishloq) va Quattro stagione (to’rt mavsum).

  • Risotto – qaynatilan guruchli taom (kraxmali ko’p guruch tanlanadi). Klassik risottolar orasida Risotto alla Milanese (milancha risotto), piyoz va shafranli, mashxur.

  • Lazanya – toblab pishirilgan xamir qatlamlari
  • Gnocchi (nyokki) – qaynatilgan pilak (yorma yoki kartoshka unidan qilingan)
  • Ravioli va tortellini – o’zimizning manti yoki barak (chuchvara)
  • Chiabatta – oq non
  • Polenta – makkajo’xori uni yoki yozmasidan qilingan taom
  • Sabzavotli “minestrone” sho’rvasi
  • Trippa – qovurilgan mol oshqazonidan tayyorlangan taom
  • Pancetta – surlangan cho’chqa to’shi
  • Brusketta – an’anaviy italyancha gazak

Gazak

  • Antipasto – yog’da marinadlangan sabzavotlar, kapreze salati (pomidor, motsarella, rayhon va zaytun yog’i)
  • Karpachcho – zaytun yog’I va sirka yoki limon sharbati quyilgan xom mol go’shtining ingichka kesilgani
  • Pesto – rayhon, piniya urug’lari va zaytun yog’I asosidagi sous
  • Grissini – xamirdan qilingan tayoqchalari
  • Kanopata – baqlajonli ragu

Desertlar

  • Tiramisu va sabayon (zabaglione)
  • Panna-cotta – Pyemonte hududiga xos; asosida qaymoq yotadi. Panna-cotta tarjimada “qaynatilgan qaymoq” degani.
  • Biskotto – ikki marta pishirilgan quruq pechenye
  • Dzukotto – ricotta pishloqli yoki ichida kremi bor biskvit
  • Italyan muzqaymoqlari

Ichimliklar

  • Vino va kuchli spirtli ichimliklar (amaretto, grappa, kampari, limonchello, sambuka)
  • Kofe (kapuchino, espresso)

Italiya ichki hududiy oshxonlalari

Rim

Rim oshxonasi, asosan, Rim Kampaniyasidan keluvchi mavsumiy masaliqlarga tayanadi va taomlarni tayyorlash yetarlicha osonligi bilan ajralib turadi. Shu sababli Rim oshxonasida asosiy masaliqlar bu sabzavotlar (asosan no’xat, artishok va loviyalar), go’sht (qo’y va echki) va pishloq (pekirino romano va ricotta). Rim oshxonasiga xos ziravor bu strutto – cho’chqa yog’i.

Bazilikata

Bazilikata Italiyaning eng tog’li hududida joylashganligi (2/3 qismi tog’) sababli qishloq xo’jaligi yaxshi rivojlanmagan. Bazilikata oshxonasi o’z ichiga asosan to’yimli ovqatlarni oladi: sardakli (yog’li) sho’rva (piyova), mol go’shtli taomlar, dudlangan go’sht. Bazilikatada “provolone” pishlog’i tayyorlanadi.

Kalabriya

Kalabriya uch tomondan dengiz suvlari bilan yuviladi va faqat shimolda to’g’lar bilan yuzlashgan. Kalabriya oshxonasi asosan baliq va dengiz mahsulotlaridan iborat. Tunets va qilich-baliqli taomlar keng tarqalgan. Bu viloyatda apelsin, zaytun, limon va baqlajonlar keng yetishtiriladi. Desertga janubda joylashgan qo’shni davlatlarda keng tarqalgan anjir, asal va bodomli taomlar tortiladi.

Kampaniya

Pitsaning ona vatani bo’lmish Kampaniya poytaxti Neapolda yana ko’plab dunyoga mashxur taomlar tayyorlanadi. Aytishlariga qaraganda, quritilgan tomatlar ham o’sha yerdan tarqalgan ekan. Kampaniya oshxonasi taomlarga boy. Dengiz mahsulotlaridan qilingan taomlar anchagina mashxur. Kampaniyaga tegishli Kapri oroli mashxur italyan shokaladli torti va salati (pomidor, motsarella, rayhon) – Kaprezening vatani hisoblanadi.

Lombardiya

Lombardiya Shvetsariya bilan chegaradosh bo’lib, nafaqat Italiyaning, balki butun Yevropaning eng boy viloyatlaridan hisoblandi. Lombardiyada guruch va makkajo’xori yetishtiriladi. Biz tanishgan risotto alla milanese va polenta taomlarining, panettone desertining, kampari va amaretto likyorlarining, mascarpone, grana padana va gorgonzola pishloqlarining vatani Lombardiyadir.

Sardiniya

Sardiniya oshxonasining markazida tunets, ilonbaliq, omar va boshqa dengiz tuhfalari turadi. Bayramlar uchun tayyorlanadigan an’anaviy taom – sixda pishirilgan yosh cho’chqachadir. Sardiniya o’zining, asosan, asal, yong’oq va mevalardan iborat desertlari bilan ham mashxur. Pecorino sardo (Sardiniya pishlog’i) – pekorinoning bir turi.

Sitsiliya

Sitsiliya oshxonasi bu yerda ko’p asrlar hukmronlik qilgan ispan, arab va yunon oshxonalari elementlaridan iborat. Madaniy aralashish tufayli Sitsiliya oshxonasi ziravorlar (muskat yong’og’i, chinnigul, dolchin) va “ekzotik” meva-sabzavotlar (qovun, o’rik, sitrus mevalar, shirin qalampir) bilan tanishgan va hozirda ularni keng ishlatadi. Sitsiliya oshxonasini uch so’z bilan ifodalab bersa bo’ladi: pasta, pesce e pasticceria, ya’ni makaron, baliq va shirinliklar.

Toskana

Toskana viloyati dehqonchilik va chorvachilik uchun ajoyib maskandir. Mashxur taomlari cho’chqa, mol go’shti va yovvoyi qushlardan tayyorlanadi. Toskana taomlari orasida florensiya bifshteksi, cacciucco (kachchukko), krostini, ribollita, pansanella va boshqalar juda mashxur. Florensiyada katkorin do’lmasi “Lampredotto” aholi tomonidan tez tayyorlanib turiladi.

Venetsiya va Friuli-Venetsiya-Juliya

Venetsiya bilan qo’shni Friulida dengiz mahsulotlari va baliqdan tayyorlanadigan taomlar hamda polenta va risotto mashxur. “Risi e bisi” (no’xatli guruch) taomini ushbu hududlarga xos taom deb atasak bo’ladi.
Bu yerlarda italyan vinosining 20% ishlab chiqariladi.

Wikipedia ma'lumotlari asosida tayyorlandi
Chop etilgan sana: 25.12.2020

Mavzu yuzasidan







InItalia.uz © 2020-