ROJDESTVO
Yevropaning boshqa davlatlari kabi Italiyada ham Rojdestvo 25-dekabrda boshlanadi. Italiyada rojdestvo ― xristian, dunyoviy va qo’shni davlatlarda mavjud an’analarning aralashmasidir. Qadimda majusiy rim aynan 25-dekabrda qishki quyosh turishini, ya’ni Saturnaliyani nishonlagan. Bu kuni barcha yomonliklardan qutqaruvchi mahsulot - kuydirilgan tarasha (g’o’la; italyan tilida serro deyiladi) ishlab chiqarishgan. Zamonaviy Italiyada esa ushbu tarasha har bir uyda bor va endi uni kuydirishmaydi, balki tanavvul qilishadi.
Rojdestvodan keyin yangi yil hisoblanmish italyancha “capodanno” kirib keladi. Italyanar yangi yilni barcha eskiliklardan qutulgan holda o’tkazish tarafdoridir. Shu sababli ham yangi yil kechasi derazadan barcha eski buyumlarni otish urfga kirgan, mamlakat janubida bu an’anani juda ham shijoat bilan amalga oshirishadi.
Bolalar qalbi quvonchga to’la: ular mehribon farishta Befana va Babbo Nataleni (qorbobo) sabrsiz kutishadi. Befana tunda o’zining sehrli supurgisida uchib keladi-da eshikni oltin kalitchasida ochib, atayin gulxan atrofiga osib qo’yilgan bolalar paypoqlarini sovg’alar bilan to’ldirib ketadi. O’zini tarbiyasiz tutgan va darslarni yaxshi o’qimagan bolalarga esa Befana bir qisim kul yoki ko’mir tashlab ketadi. Qorbobo janoblari esa qizil kiyimda yuradi, uning oppoq uzun soqoli bor va u Alp tog’laridan tushib keladi. U shimoliy bug’ularga bog’langan chanada Italiya bo’ylab sayr qiladi. Babbo Natale (qorbobo) rojdestvo kunida faqatgina oldindan unga xat yozgan bolalarning uylariga kirib o’tadi, negai u juda band.
Yangi yil bilan bog’liq an’analar italyanlarda bisyor. Yangi yil dasturxonida uzoq umr, sog’lik va baxt-saodat ramzi hisoblangan yong’oq, yasmiq vauzum bo’lishi shart. Udumga ko’ra, yangi yil omadli kelishi uchun bayram dasturxoni 13 xil ovqatdan iborat bo’lishi kerak. Italiyaning ba’zi hududlarida odamlar yangi yilning birinchi daqiqalarida paqqos tushirilgan ikra va pivo omadlarning kaliti deb hisoblashadi.
Qadimdan 1-yanvarning tong sahari uyga buloqdan “yangi suv” olib kelish odati bor. “yangi suv” baxt olib keladi deb hisoblashadi. Agar do’stlaringga sovg’a qilishga hech nimang bo’lmasa, ― deyishadi italyanlar, ― unga zaytun novdasi bilan “yangi suv” sovg’a qil.
Italyanlar katta e’tiborni yangi yilning ilk kunida kimni uchratishiga qaratishadi. Agar u rohib, ruhoniy yo yosh bola bo’lsa, yomon, agar u qariya bo’lsa, yaxshi. Agar u bukri bo’lsa, undan-da yaxshi. O’shandagina yangi yil omadli bo’ladi.
Shunday irim borki, uyga omadni chaqirish uchun yangi yil kechasi qizil rangdagi ichki kiyim kiyish kerak ekan. Bu irim shu qadar mashhurki, bu kuni qizil rangli ichki kiyimlarni nafaqat ayollar, balki erkaklar ham kiyishadi. Serhissiyotli italyanlar o’tib ketayotgan yilni qanchalik baqir-chaqir va baland ovozda kuylab o’tkazsa, yangi yilda shunchalik salbiy energiyadan qutulish mumkinligiga va yangi yil chinakamiga omadli kelishiga ishonishadi.
Odatda italyanlar yangi yilni oila davrasida o’tkazishadi, ammo tunning yarmida bayramni ko’chada nishinlashni davom ettirishadi. Olomon maydonlarda yig’iladi. Ayniqsa, bu vaqtda Rim markazi odam bilan gavjum. Mushakbozlik tuni bilan to’xtamaydi.
6-yanvar kuni Efipaniya, ya’ni Xudoning namoyishi kuni nishonlanadi. Xuddi shu yerdan farishta Befana haqidagi hikoya boshlanadi. Afsonalarga ko’ra, u 1-dan 6-yanvargacha yerda sanqib yurib, yil davomida o’zini yaxshi tutgan bolalarga shirinliklar, yong’oqlar, asal va kashtan bilan taqdirlab, o’zini yil davomida yomon tutganlarga esa ko’mir, sarimsoq va piyoz olib keladi. Bayram kuni aravada olib yuriladigan qo’g’irchoq Befananing ramzi hisoblanadi, bu qo’g’irchoqni esa markaziy maydonda yoqib yuborishadi. Befananing tashqi ko’rinishi ertaklardagi yalmog’iz kampirni eslatadi: qiyshiq burun, katta besunaqay tishlar, uchli shlyapa, uzun ko’ylak, ilma-teshik paypoq kiyib olgan. Yelkasidagi qopda shirinlik va ko’mir bo’laklarini olib yuradi. U tomdan tomga supurgida sakrab yuradi.