Bolalar tug’ulgan kuni
Oilada farzand tug’ulgudek bo’lsa, bu shodiyonani faqatgina uyda “yuvish”maydi, undan tashqari o'z ish joylarida hamkasblari uchun kichik bir ziyofat tashkil qilib berishadi. Yoshi biroz ulg’ayib qolgan bolalarga kafe yoki restoranlarda bazm uyushtirib berishadi. Asosan shirinliklar buyurishadi, turli ko’ngilochar dasturlar tuzishadi. Bunday olib qaralganda hozirda o’zimizda ham shu narsa avj olmoqda. Tashrif buyurganlar, asosan bolalar, “chaqaloq” uchun regali (sovg’a)lar olib kelishadi va ajratilgan stolga qo’yishadi, tadbir oxirida esa tantana “aybdori” (festeggiato) tomonidan qichqiriqlar ostida o’sha sovg’alar ochiladi. Sovg’alarni yolg’iz ochish irim qilinadi. Bu “irim” kattalarning bayramlariga ham tegishli.
Kattalarning tug’ulgan kunlari
Do’stlar, asosan, biron bir kafeda yig’ilishadi. Qiziq tarafi shundaki, italyanlarda “tug’ulgan” kishining “peshonasidan u qadar ter oqmaydi”. Hisobni hamma o’z-o’ziga to’laydi, hatto do’stlar tantana egasining xarajatlarini bir qismini ham ko’taradi. Italyanlar uchun dasturxonni noz-ne’matlarga “burkash” kerak emas, muhimi ― vaqtni yaxshi o’tkazish. Ishda hamkasblariga agar lozim topishsa ziyofat berishadi.
Qarindosh-urug’ni asosiy shodiyona kundan keyin ― yakshanba kuni uyga chaqirishadi. Bu yerda xarajatlar taklif qiluvchining yelkasiga tushadi. Agar tug’ulgan kun sanasi yakshanbaga to’g’ri kelsa, avval qarindoshlarni, so’ng esa, ya’ni bir hafta o’tgach do’stlarni ko’nglini ovlashadi. Aytish yoddan ko’tarilibdi: yuqorida keltirilgan gaplarga doim ham amal qilinmaydi.
Tug’ulgan kunda italyanlar nima kutishadi? Tabiiyki, hech nima, chunki asosiy sovg’a-salomlar Rojdestvo bayramida qilinadi. Ba’zida bu kun sharafiga mehmonlar o’n yevrocha pul sovg’a qilishlari mumkin. Ularda bizdagi kabi “chaqaloq”qa sovg’a olib bormaslik “gunoh” sanalmaydi. Ular odatda shunchaki “tug’ulgan kuning muborak” bilan cheklanishadi.
Tug’ulgan kun egasini qanday tabriklash mumkin?
Sizdan kutiladigan eng katta sovg’a bu ― “buon compleanno” (tug’ulgan kuning bilan) yoki “Tanti auguri!” (eng yaxshi tilaklar) kabi qisqa jumlalar. Shu jumlalarni aytish kifoya, agar juda xohlashsa, “a te” (seni) bo’lagini ham qo’shib qo’yishadi. Kattalarni qutlashda, misol uchun, u yoshi katta ishdagi hamkasb bo’lsa, iborani aniqlashtirish mumkin: Tantissimi Auguri di Buon Compleanno! (tantissimi auguri di buon kompleanno – «eng yaxshi tilaklar siz uchun»).
Yaqin orada tug’ulgan kunda ishlatiladigan tabriklarni keltirib o’tamiz.